Bugun 27 aprel, 2025 yil, yakshanba

КИР

Bu yil abituriyentlarga qaysi kitoblarni o‘qish tavsiya etilmoqda?

Bu yil abituriyentlarga qaysi kitoblarni o‘qish tavsiya etilmoqda?

Kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, gazetamizda abituriyentlarning oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlariga oid yangiliklar muntazam e’lon qilib borilmoqda.

Bu gal ham Davlat test markazi tomonidan 2019-2020 o‘quv yili uchun kirish imtihonlarida test topshiriqlariga kiritiladigan asosiy o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot beramiz. Bu haqda Davlat test markazi Axborot xizmati rahbari Orziqul Boboyev shunday dedi:

Mamlakatimizda barcha sohalar qatori abituriyentlarning oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlariga oid test sinovlari tizimi ham takomillashtirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ga muvofiq, test topshiriqlari umumiy o‘rta va o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari o‘quv dasturlariga asoslangan holda tuzilmoqda.

Umumiy o‘rta va o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limining Davlat ta’lim standartlariga muvofiq, abituriyentlar test sinovi o‘tkaziladigan barcha umumta’lim fanlari bo‘yicha ularning mazmuni va abituriyentlar tayyorgarligi darajasiga qo‘yiladigan talablar kodifikatori va test topshiriqlarining tafsilotlari ishlab chiqildi. Tafsilotlar asosida test topshiriqlari variantlarining strukturasi ham tayyorlandi.

Test topshiriqlari bazasini shakllantirishda umumta’lim fanlari o‘quv dasturlari bo‘limlarining to‘liq qamrab olinishiga va abituriyentlar bilimi, qo‘nikmasi va mantiqiy fikrlash qobiliyatini baholay oladigan test topshiriqlarini tuzishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, test topshiriqlari bazasini shakllantirishda o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillaridagi test topshiriqlarining bir xilligi ta’minlanmoqda. Test topshiriqlari bazasini shakllantirish uchun O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul bo‘yicha Davlat komissiyasining 2019 yil 31 yanvardagi 15-sonli qarori bilan 140 nafar mutaxassisdan iborat xalq ta’limi, o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim va Fanlar akademiyasi tizimlaridan ekspertlar guruhi tasdiqlandi.

2019-2020 o‘quv yili uchun kirish imtihonlarida test topshiriqlariga kiritiladigan asosiy o‘zgarish va qo‘shimchalar to‘g‘risida to‘xtaladigan bo‘lsak, joriy yilda test topshiriqlari bazasini shakllantirishdagi yangiliklar quyidagilardan iborat:

grafik, yozuvsiz xarita, rasmlar (masalan, geografik nuqtalar, diagramma, grafiklardagi ko‘rsatkichlar yoki rasmlar test topshiriqlarida aks etadi);

adabiyot fanidan ta’lim muassasalari o‘quv dasturiga kiritilgan badiiy asarlardan ayrimlarini to‘liq o‘qish tavsiya etildi;

o‘lcham birliklarining yangicha ifodalanishi qo‘llaniladi.

Tavsiya etilgan badiiy adabiyotlar ro‘yxati quyidagicha:

1. O‘tkan kunlar , Abdulla Qodiriy (9-sinf dasturidan)

2. Kecha va kunduz , Cho‘lpon (11-sinf dasturidan)

3. Abulfayzxon , Fitrat (11-sinf dasturidan)

4. Shum bola , G‘afur G‘ulom (6-sinf dasturidan)

5. Mirzo Ulug‘bek , Maqsud Shayxzoda (8-sinf dasturidan)

6. Yulduzlar mangu yonadi , Tog‘ay Murod (6-sinf dasturidan)

7. Yulduzli tunlar , Pirimqul Qodirov (6-sinf dasturidan)

8. Dunyoning ishlari , O‘tkir Hoshimov (5-sinf dasturidan)

9. Ruhlar isyoni , Erkin Vohidov (11-sinf dasturidan)

10. Sohibqiron , Abdulla Oripov (9-sinf dasturidan)

Test topshiriqlari bazasini shakllantirish tamoyillari:

davlat ta’lim standartlariga muvofiqligi;

test topshiriqlarini tuzish talablariga muvofiqligi;

maxfiylik;

turli xil ta’lim tizimi mutaxassislarining ishtiroki;

ekspertizaning ko‘p marotabaligi;

variant murakkabligining bir xilligi.

Ta’kidlash joizki, abituriyentlarga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida 2018 yil dekabr oyida test topshiriqlari kiritilgan Axborotnoma jurnalining maxsus sonlari (4/1 va 4/2-son) chop etildi. Ularda har bitta fandan 120 tadan rus va o‘zbek tillarida test topshiriqlari kiritilgan. Davlat test markazining rasmiy veb saytida har bir fandan namunaviy test topshiriqlari e’lon qilindi.

Kiritildi: 10:22 19.04.2019. O'qildi: 47283 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!