Britaniya hukumati kelgusi yildan boshlab isroillik talabalarni nufuzli Qirollik mudofaa tadqiqotlari kollejiga qabul qilmaslikka qaror qildi.
Bu haqda Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi vakiliga tayanib, Telegraph gazetasi xabar berdi.
Vakil ta’kidlaganidek, qaror G‘azodagi urushni diplomatik yo‘l bilan to‘xtatish, jumladan, zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, garovga olinganlarni qaytarish va anklav aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatishni kengaytirish zarurati bilan bog‘liq.
Isroil Mudofaa vazirligi bosh direktori Amir Baram bu qarorni “urushdagi ittifoqchiga nisbatan o‘ta noinsoflik” deb atadi.
Avvalroq, 10 iyun kuni Buyuk Britaniya Avstraliya, Kanada, Norvegiya va Yangi Zelandiya bilan birgalikda Isroil vazirlari Itamar Ben-Gvir va Besalel Smotrichga qarshi G‘arbiy Sohilda falastinliklarga qarshi zo‘ravonlikni qo‘zg‘atganliklari uchun sanksiyalar joriy qilgan edi.