Braziliya janubi-sharqidagi Minas-Jerays shtatida sodir bo‘lgan ko‘chkilar oqibatida kamida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi, yana bir kishi bedarak yo‘qolgan.
Bu haqda davlat yong‘in xavfsizligi xizmatiga tayanib, CNN Brasil telekanali xabar berdi.
Minas-Jeraysda 180 kunlik favqulodda holat e’lon qilindi. Yakshanbaga o‘tar kechasi mintaqada kuchli yomg‘ir yog‘di, ko‘chkilar 220 mingdan ortiq aholiga ega Ipatinga munisipalitetiga eng katta zarar yetkazdi. Qurbonlarning barchasi Ipatinga aholisi bo‘lgan, vayronagarchilik tufayli 150 kishi boshpanasiz qolgan, deb xabar beradi telekanal.
CNN Brasilning xabar berishicha, shtat gubernatori Romeu Zima vayronagarchilik ko‘lami va zarur yordam miqdorini baholash uchun 13 yanvar kuni Ipatingaga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.