Slovakiya poytaxti Bratislava shahrida ikki yo‘lovchi poyezdi to‘qnashib ketdi. Hodisa natijasida o‘nlab odamlar yengil tan jarohati oldi, deb xabar berdi Slovakiya polisiya departamenti Meta (Facebook) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuv shahar vokzallaridan birida sodir bo‘lgan. Hodisa joyiga darhol polisiya va favqulodda xizmatlar yetib kelgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, poyezdlar relsdan chiqib ketmagan.
Hozircha ushbu yo‘nalish bo‘yicha temir yo‘l harakati har ikki tomonga to‘liq to‘xtatilgan. Yo‘lovchilarni evakuasiya qilish uchun hodisa joyiga avtobuslar yuborilgan.
Mahalliy OAVning Slovakiya Ichki ishlar vazirligiga tayanib xabar berishicha, to‘qnashuv natijasida o‘nlab yo‘lovchilar jarohat olgan, ulardan 11 nafari kasalxonaga yotqizilgan.