Bugun 6 iyun, 2025 yil, juma

КИР

Boysunda "Tandir Fest" milliy an’analar bayrami o‘tkazilmoqda

Boysunda "Tandir Fest" milliy an’analar bayrami o‘tkazilmoqda

Surxondaryo viloyatining betakror tabiati va qadimiy tarixi bilan mashhur Boysun tumanida jonli an’analarimiz, xalq amaliy san’ati va oshpazlik mahoratini keng targ‘ib etishga qaratilgan "Tandir Fest" festivali ilk bor o‘tkazilmoqda, deb xabar beryapti "Dunyo" AA.

Festival O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan Surxondaryo viloyati hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbir nafaqat mahalliy aholi, balki O‘zbekistonning boshqa viloyatlari va xorijdan kelgan mehmonlarda ham katta qiziqish uyg‘otdi.

"Tandir Fest" — bu nafaqat taomlar festivali, balki u milliy o‘zligimizni, qadimiy an’analarimizni va xalqimizning bebaho merosini yanada keng targ‘ib etishga xizmat qiluvchi madaniy bayramdir.

Tadbir doirasida xalqimizning ko‘p ming yillik gastronomik an’analari, ayniqsa, tandirda go‘sht tayyorlash kabi noyob oshpazlik uslublari namoyon qilindi. Hududlardan tashrif buyurgan mahoratli oshpazlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi, tandir go‘shti tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari esa festivalga o‘zgacha mazmun bag‘ishladi.

Shuningdek, milliy hunarmandchilik yarmarkalari, xalq amaliy san’ati ko‘rgazmalari, qadimiy urf-odatlarimizni namoyon etuvchi manzaralar, rang-barang konsert dasturlari hamda folklor jamoalarining chiqishlari festivalning mazmun-mohiyatini yanada boyitdi. Milliy raqslar, san’at namunalari va musiqa bilan to‘ldirilgan shodu xandon muhit har bir ishtirokchiga unutilmas taassurotlar ulashdi. Festival ishtirokchilari uchun yana bir esda qolarli lahza — ular havo sharlari orqali maftunkor Boysun tog‘lari va go‘zal tabiatini osmondan tomosha qilish imkoniga ega bo‘ldi. Bu imkoniyat Boysunning sayyohlik salohiyati qanchalik ulkan ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Festival doirasida O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova ishtirokida konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

"Tandir Fest" festivali 4 mayga qadar davom etadi.

Kiritildi: 11:19 04.05.2025. O'qildi: 653 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!