Bugun 18 iyul, 2025 yil, juma

КИР

Boks bilan shug‘ullanish borasida shariat hukmi qanday?

A A A
Boks bilan shug‘ullanish borasida shariat hukmi qanday?

Savol: Mening savolim boks va uning hukmi haqida. Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) kurashayotgan ikki kishini ko‘rib, ularga yuzga urib yuborishdan saqlanmog‘lik kerakligi to‘g‘risida xabar berganlar. Shunga binoan musulmon kishi asosan yuzga urish bilan bellashiladigan boks bilan shug‘ullanishi joizmi?

Javob: Insoniyatni unga ro‘baro‘ bo‘ladigan har qanday yomonliklardan muhofaza etish shariatning maqsadlaridan hisoblanadi. Zero, zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q. Shuningdek fiqhiy qoidaga ko‘ra, zarar ketkaziladi. Bular fiqhning oltin qoidalaridandir.

Boks tanani kuchaytiradigan, quvvatli qiladigan sport turlaridan sanaladi. U bilan shug‘ullanadiganlar doimiy sog‘lik va mustahkam jismga ega bo‘lishadi. Bu shariatda sevilgan ishdir. Zero kuchli mo‘min, Allohga, zaif mo‘mindan yaxshidir.

Ammo professional bokschilik Islom shariatida karih ko‘riladigan ishlardan hisoblanadi. Chunki uning asosi raqibga zarar berish ustiga qurilgan. Shuningdek, u har qanday ozor berish nahiy qilingan yuzga urishga yo‘naltirilgandir. Yana u inson hurmatini yerga uradigan, uni masxaralaydigan holatlardan xoli emas.

Ilgari havaskorlar boksi ham mavjud bo‘lib, u bilan shug‘ullanadiganlarga barcha xavfsizlik qoidalari kafolatlangan edi. Shuning uchun uning fiqhiy hukmi oldingisidan biroz farqlanardi. Ammo ayni paytda bu yo‘nalish yo‘q qilinib, o‘rniga yarim professional yo‘nalish joriy etildi. Ilgari xavfsizlik maqsadida kiyilgan shlemlardan voz kechildi. Shunga ko‘ra, bu yo‘nalishning hukmi ham professionaldan farqlanmay qoldi.

Islom ta’limot va qoidalari boksning yuqoridagi shafqatsiz ko‘rinishini bir necha sabablarga ko‘ra qoralaydi:

1. "Zarar ketkaziladi" qoidasiga ko‘ra, ko‘p xatar va zararlarga bois bu sport turining shafqatsiz ko‘rinishiga barham berish kerak.

2. Boks iloji boricha yuzga kuchli zarba berishga asoslangan va faqatgina yuzga zarba berish orqaligina ochko yig‘iladi. Tana qismiga qanchalik aniq va kuchli zarba berilmasin, bunga ochko berilmaydi. Vaholanki Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Agar birovingiz urishsangiz, yuzdan ehtiyot bo‘ling”, deganlar. Imom Buxoriy rivoyati. Hofiz aytadilar: “Bu nahiyga had, ta’zir yoki odob berish uchun urishlar kiradi. Imom Abu Dovud Abu Bakra va boshqalar (r.a.)dan rivoyat qilgan hadislarida aytilishicha, Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) zino qilgan ayol qissasida uni toshbo‘ron qilishga buyura turib: “Otinglaru, yuzdan qo‘rqinglar!”, dedilar. Demak, halok etilishi ma’lum ayol haqida shunday bo‘lgach, undan boshqalarda yuzdan ehtiyot bo‘lish a’lo tariqda lozim ekan.

Imom Navaviy aytadilar: “Ulamolar yuzga urish nahiy qilinishining sababini izohlab shunday deydilar: Chunki u go‘zalliklarni o‘ziga jamlagan nozik a’zodir. Idrok qilish vositalarining aksari unda joylashgan. Uni urishda o‘sha vositalar ishdan chiqishi, xunuklashishi mumkin. Yuz hamisha ko‘rinib turganidan, unga berilgan kuchsiz zarba ham bilinib, oshkor bo‘lib qoladi. Shundan imom Muslim rivoyat qilgan rivoyatda bolani urgan kishini ko‘rganda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Ko‘rinish ehtiromli ekanini bilmasmiding?!”, dedilar.

Ba’zi taqvo egalarining boks zaliga qatnab, jiddiy shug‘ullangan holda musobaqalarda chiqmagani, hatto mashg‘ulot zalidagi sparring janglarida ham qatnashmaganini eshitganmiz.

Shunday ekan, boks yuqoridagi illatlardan xoli holdagina joiz.

Vallohu a’lam.

Manba: azon.uz

Kiritildi: 06:36 10.10.2018. O'qildi: 6758 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!