Prezidentimizning 2022 yil 27 apreldagi “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoni ijrosi doirasida mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, bojxona to‘lovlarini undirish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Shuningdek, “yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurashish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishlarining oldini olish, ularni aniqlash hamda chek qo‘yish borasida ham yutuqlarga erishildi.
Buni birgina Toshkent shahar bojxona boshqarmasi misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, 2023 yilning yanvar-dekabr oylari mobaynida boshqarma tomonidan 27,2 trln. so‘mlik bojxona to‘lovlari undirilib, davlat byudjetiga o‘tkazilishiga erishilganini kuzatish mumkin.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi boshlig‘i Tolibjon Saidov bu borada kuydagilarni so‘zlab berdi:
– Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bojxona to‘lovlaridan salkam 20 trln. 133,5 mlrd. so‘m imtiyozlar berildi. Imtiyoz qo‘llanilgan asosiy tovarlar tarkibini transport vositalari va uning qismlari, texnologik asbob-uskunalar, farmasevtika mahsulotlari, tibbiyot asbob-uskunalari hamda maishiy-texnika va ularning qismlari tashkil etdi.
Shuningdek, boshqarma tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga 2 trln. 468 mlrd. so‘mlik bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash imkoniyati yaratildi. Bu esa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va xorijga eksport qilishni munosib rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda. Misol uchun, 2023 yilning 12 oyi mobaynida 2,8 mlrd. AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan tovarlar xorijiy mamlakatlar bozorlariga yo‘naltirildi. Tovarlar 80 ga yaqin davlatlarga eksport qilingan bo‘lib, asosiy hamkor davlatlar Rossiya, Turkiya, Xitoy va Qozog‘iston hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Eksport qilingan asosiy tovarlar: metallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar, to‘qimachilik, elektronika va ularning qismlari, kalava ip, oziq-ovqat va meva-sabzavot mahsulotlari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
Mamlakatimizda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va eksportni qo‘llab-quvvatlash, qo‘shimcha ishchi o‘rinlarini yaratish maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib borilib, tadbirkorlarga bir qancha qulaylik va yengilliklar yaratilmoqda. Ushbu qulayliklardan yana biri, “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimidir. O‘tgan 2023 yil davomida 58 ta tadbirkorlik sub’ektlarning qiymati 128,7 mln. AQSh dollarlik tovarlari ushbu rejim imkoniyatlaridan foydalangan holda rasmiylashtirilgan.
Bojxona postlarida jami 71 997 ta bojxona ko‘rigi jarayonlari amalga oshirilib, 499 740 ta bojxona yuk deklarasiyalari rasmiylashtirildi. Bojxona yuk deklarasiyalarini Xavfni boshqarish axborot tizimi bo‘yicha yo‘laklar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, deklarasiyalarning 121 994 tasi “yashil yo‘lak”, 290 321 tasi “sariq yo‘lak”, 87 425 tasi “qizil yo‘lak” tartibida rasmiylashtirilgan.
Aniqlangan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha 41,2 mlrd. so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi. Boshqarmamiz tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikda giyohvand vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurash yo‘nalishida 8 kg. 945 gr. giyohvandlik vositalari, 47 ming 629 dona kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, 1 dona qurol, 6 dona o‘q, 8 dona gilza kabi qurol-yarog‘ va portlovchi moddalar, 41 ming donadan ortiq taqiqlangan diniy mazmundagi materiallar, shuningdek, 362 mingdan ortiq tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Kelgusida ham kontrabandaga qarshi murosasiz kurashish, fiskal vazifalarni ortig‘i bilan bajarish, bojxona to‘lovlarini o‘z vaqtida va to‘g‘ri undirish boshqarmamizning asosiy strategik yo‘nalishlari bo‘lib qoladi.