Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi moliyaviy resurslarning keskin tanqisligi sababli qochqinlarni chegara hududlardan Chad va Janubiy Sudandagi xavfsizroq hududlarga ko‘chirish bo‘yicha operasiyalar to‘xtatilganini e’lon qildi.
Bu haqda BMT qochqinlar bo‘yicha komissarligi hisobotiga tayanib, "TASS" xabar bermoqda.
Hisobotda qochqinlar joylashgan ko‘plab hududlarga kirish qiyinligi sababli ularga zarur yordam ko‘rsatish jarayoni murakkablashganiga e’tibor qaratiladi. Ta’kidlanishicha, gumanitar dasturlarni moliyalashtirishning qisqarishi joriy yilda 11,6 million qochqin va o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan boshqa odamlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri gumanitar yordam olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Bu o‘tgan yili BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligidan yordam olgan umumiy sonining uchdan bir qismini tashkil etadi.
2025 yilda BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi tomonidan amalga oshirilayotgan asosiy yordam dasturlari hajmi allaqachon 1,4 milliard dollarga qisqardi. BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligining joriy yildagi jami moliyalashtirish ehtiyojlari 10,6 milliard dollarga baholanmoqda. Yil o‘rtalariga kelib, kerakli miqdorning atigi 23 foizi yig‘ildi.