Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropadagi Iqtisodiy Komissiyasi (YeIK) ekspertlariga ko‘ra, atmosferadagi karbonat angidrid miqdorini kamaytirishga yordam beradigan asosiy tabiiy to‘siq — o‘rmonlarni himoya qilish bo‘yicha o‘nlab yillik sa’y-harakatlar iqlim inqirozining tezlashishi sabab jiddiy xavf ostida qolmoqda.
O‘rmon yong‘inlari va qurg‘oqchiliklar sonining oshib borishi, havo haroratining ko‘tarilishi, namlikning pasayishi hamda hasharotlar ko‘payishi keskin vaziyatni keltirib chiqargan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa, Shimoliy Amerika, Kavkaz va Markaziy Osiyo hududlarida jami 1,76 milliard gektardan ortiq o‘rmon mavjud bo‘lib, bu dunyo bo‘yicha o‘rmon resurslarining 40 foizidan ziyodini tashkil etadi.
Hududdagi umumiy o‘rmon maydoni so‘nggi yillarda 60 million gektarga oshgan bo‘lsa-da (asosan Yevropa va Markaziy Osiyoda), jahon miqyosida teskari tendensiya kuzatilmoqda — har yili taxminan 10,9 million gektar o‘rmon yo‘qolib bormoqda.
2021 yilda o‘rmon yong‘inlari 12,6 million gektar maydonni yo‘q qilgan — bu Yunonston hududiga teng, dedi BMT YeIK vakili Paola Deda. Yana 73 million gektar o‘rmon hasharotlar va kasalliklar ta’sirida zarar ko‘rgan.
“Agar bu tendensiyalar davom etsa, hozirgi kunda uglerodni singdiruvchi asosiy manba bo‘lgan o‘rmonlar chiqindilar manbaiga aylanishi mumkin. Bu esa global iqlim maqsadlariga jiddiy tahdid soladi”, — dedi Deda.
1990 yildan buyon biologik xilma-xillikni saqlash va tuproq hamda suv resurslarini muhofaza qilish uchun ajratilgan hududlar ikki baravar oshgan. Hozirda 300 million gektardan ortiq o‘rmon qonunan himoya ostida bo‘lib, bu butun Italiya hududiga tengdir.
Biroq BMT ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi ta’siri o‘rmonlarning degradasiyasini tezlashtirmoqda va yillar davomida erishilgan ekologik yutuqlarni bekor qilish xavfini keltirib chiqarmoqda.
YeIK boreal o‘rmonlar (Arktikani o‘rab turgan o‘rmonlar)ning ahamiyatini alohida ta’kidladi. Ushbu o‘rmonlar Yerdagi barcha uglerod zahiralarining taxminan 32 foizini o‘z ichiga oladi. Ammo permafrostning erishi va haroratning ko‘tarilishi ularga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Braziliyaning Belen shahrida bo‘lib o‘tadigan COP30 iqlim sammiti oldidan BMT dunyo yetakchilarini o‘rmonlarni muhofaza qilish, yong‘inlarni oldini olish, hasharotlarga qarshi kurash va keng ko‘lamli qayta tiklash choralarini kuchaytirishga chaqirdi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 1990 yildan buyon dunyo bo‘yicha o‘rmon uglerod zaxiralari 11 foizga oshgan.
“Dunyodagi eng katta o‘rmon mamlakati Braziliya emas, balki Rossiyadir,” — dedi Paola Deda.
“Iqlim anjumani janubiy yarimsharda bo‘lib o‘tsa-da, shimoliy hududlardagi o‘rmonlar sayyoramiz iqlimini barqarorlashtirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.”
BMT YeIK ijroiy kotibi Tatyana Molchan qo‘shimcha qildi:
“So‘nggi o‘ttiz yilda erishilgan barcha yutuqlar iqlim inqirozi tufayli hozir jiddiy tahdid ostida. Biz sayyoramizning eng kuchli tabiiy mudofaa mexanizmini yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin emas.”
Uning ta’kidlashicha, agar choralar ko‘rilmasa, dunyo o‘rmonlariga yetkazilgan zarar shunchalik katta bo‘lishi mumkinki, ularni qayta tiklashning iloji qolmaydi.