BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha boshqarmasi Ukrainadagi yangi ko‘chirilgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan yordamni qisqartirdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
"Bunday qaror AQSh tomonidan yordamning to‘xtatilgani va donorlarning kamayishi tufayli qabul qilingan", — deya ma’lum qildi BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Ukrainadagi vakili Karolina Lindholm Billing.
Gap psixososial yordam, vaqtincha turar-joy qurilishi uchun materiallar taqdim etish va pul ko‘rinishidagi yordam ko‘rsatish kabilar haqida ketmoqda.
BMT Qochqinlar agentligi bu kabi gumanitar yordamning eng yirik yetkazib beruvchisi bo‘lib, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon 450 mingga yaqin kishiga yordam ko‘rsatgan. 2024 yilda tashkilot o‘z mablag‘larining 40 foizini AQShdan olgan edi.
Ukrainada joriy yil yanvaridan beri bo‘lib o‘tgan kuchli bombardimonlardan so‘ng Pavlograd va Sumidagi BMT qochqinlar agentligining tranzit markazlari orqali deyarli 7 700 kishi kiyim-kechak, gigiyena vositalari, shuningdek, huquqiy va psixososial yordam olgan.
"Ular deyarli hech qanday narsasiz va chuqur ruhiy jarohat bilan kelishmoqda", — dedi Billing.
Boshqarmaning qayd etishicha, tashkilot va uning hamkorlari zarur moliyaviy ko‘mak taqdim etilsa, samarali faoliyat yuritish uchun yetarli salohiyat va imkoniyatlarga ega bo‘ladi.