BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) vakili Olga Cherevkoning ta’kidlashicha, Isroilning G‘azo shahriga yo‘naltirgan kuchaygan hujumlari mahalliy aholi uchun “o‘lim hukmi”ga aylandi.
“G‘azo shahri o‘limga hukm qilindi. Siz yo ketishingiz, yoki o‘lishingiz kerak. Yuz minglab holdan toygan, umidsiz va qo‘rquvda qolgan tinch aholi gavjum hududlarga qochishga majbur qilinmoqda”, — dedi Cherevko jurnalistlarga.
U Isroilning aholini majburan ko‘chirish haqidagi buyruqlarini keskin tanqid qildi hamda G‘azodagi shafqatsiz zo‘ravonliklarni zudlik bilan to‘xtatish zarurligini ta’kidladi.
“Bizga kech bo‘lmasdan turib barqaror tinchlikka yo‘l ochadigan qarorlar, qon to‘kilishini to‘xtatadigan harakatlar kerak”, — dedi u.
Cherevko, shuningdek, barcha nazorat-o‘tkazish punktlari va yo‘laklar ochilishi, insonparvarlik yordami to‘siqsiz yetkazilishi shartligini qayd etdi.
“G‘azo xalqi sadaqa so‘ramayapti. Ular xavfsiz va tinch hayot huquqini talab qilmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi u.
BMT vakili ma’lum qilishicha, insonparvarlik yordami G‘azo bo‘ylab 400 dan ortiq tarqatish markazlari orqali amalga oshirilmoqda. Shuningdek, uyini tark eta olmaydigan aholiga yordam oshxona va novvoyxonalar orqali yetkazib beriladi.
“Bizning asosiy qoidamiz — odamlarga ziyon yetkazmaslik. Shu bois, yordam olish uchun hech kimning hayoti xavfga qo‘yilmasligiga harakat qilamiz”, — dedi Cherevko.