Bugun 24 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

Bizni qanday xavf kutyapti? Yana to‘ylar haqida...

Bizni qanday xavf kutyapti? Yana to‘ylar haqida...

Bir asr muqaddam buyuk alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy "Bizni kemirguvchi illatlar" maqolasida hashamatli to‘y va ta’ziyani millatni xonavayron va g‘arib etguvchi «qattol dushman»ga qiyoslagan.

Ushbu illatlar bilan yurtimizda doim kurashishga harakat qilib kelingan. Yillar davomida ziyolilar, diniy ulamolar hamda jamoat va davlat tashkilotlari tomonidan targ‘ibot-tashviqot va tushuntirish ishlari olib borilgan. Lekin, ushbu illatlar kamayish o‘rniga tobora kuchayib bordi, odamlar o‘rtasida to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish yomon «musobaqa»ga aylandi, turli-tuman yangi odatlar bilan «boyitildi».

Oxirgi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan parlamentimiz tomonidan to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, turli ma’raka va marosimlar o‘tkazishni tartibga solish bo‘yicha qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, qat’iy ma’muriy choralar belgilandi. Afsuski, sa’y-harakatlar aholi o‘rtasida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda ba’zan noo‘rin e’tirozlar va muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrim pul topib, aql topmagan kishilar dabdabali to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar o‘tkazishdan o‘zini tiyishni istamadi.

Sinovli kunlar har xil tortishuvlarga barham berib, asrlar davomida kurashib kelinayotgan illatlarga chek qo‘ydi. Pandemiya vaqtida virus bilan zararlanish xavfi turmush tarzimizni butunlay o‘zgartirib, tartibga, me’yorga rioya etishga majbur qildi.

Ma’lumki, maxsus komissiya qarori bilan virus xavfi kam hududlarda 30 kishilik, ixcham nikoh to‘ylari o‘tkazishga ruxsat berildi. Shu kunlarda mazkur tartibga asosan to‘ylar ixcham va ortiqcha isrofgarchiliksiz o‘tkazilmoqda. To‘ydan iqtisod qilingan mablag‘lar yosh oilani moddiy ta’minotini mustahkamlashga sarflanyapti. O‘zim ikkita to‘yga yillar davomida hozirlik ko‘rgan oila 30 kishilik to‘ydan ortgan mablag‘ga avtomashina olganini eshitdim. To‘g‘risi, bunday xabarlar odamni quvontiradi.

O‘zaro suhbatlarda isrofgarchiliksiz, ortiqcha daxmaza va dabdabasiz o‘tayotgan to‘ylar ko‘pchilikka manzur bo‘layotganini eshityapmiz.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan yaqinda o‘tkazilgan so‘rovnoma ham fuqarolarimizning ixcham to‘ylar o‘tkazishga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgarganini ko‘rsatmoqda. So‘rovnomada ishtirok etganlarning yarmidan ko‘pi 30 kishilik to‘yni yoqlab ovoz bergan, qolganlari esa 100 va 200 kishilik to‘yni yoqlagan, birorta fuqaro dabdabali to‘y o‘tkazishni yoqlamagan.

Albatta, bugungi kunda millatni xonavayron va g‘arib etguvchi «qattol dushman»ga umumiy munosabatimiz o‘zgargani, to‘y va marosimlar ixcham o‘tkazilayotgani quvonarli holat. Biz buni an’ana darajasiga ko‘tarishimiz kerak, deb o‘ylayman.

Lekin, bu oson emas. Chunki yangi ko‘nikmani asrab qolish faqat to‘y qiluvchilarning dunyoqarashi, istagi bilan amalga oshishi qiyin.

Bizni qanday xavf kutyapti?

Bozor iqtisodiyotining talab va taklif kabi o‘zgarmas qonunlari bor. Nafaqat talab taklifni shakllantiradi, balki taklif o‘z navbatida talabni vujudga keltiradi.

Keyingi yillarda yurtimizda to‘y-hashamlar bilan bog‘liq katta xufiyona industriya shakllandi. Deyarli barcha qishloqlarda serhasham to‘yxonalar barpo etildi. To‘yxonalar atrofida o‘rtakashlar, dasturxonchilar, pishiriqchilar, bezakchilar, suratchilar va boshqa son-sanoqsiz turli xizmatlar rivojlandi. Ushbu xizmatlar majmuasi katta mablag‘ aylanuvchi, katta daromad keltiruvchi hamda xufiyona iqtisod bilan chambarchas bog‘liq «to‘y-hashamlar industriyasi»ni tashkil qiladi. Bu industriyaga olg‘ir «tadbirkor»larning milliardlab mablag‘lari tikilgan va bu mablag‘lar ularga daromad keltirishi kerak.

Eng xavflisi, ushbu industriyada davlat organlarida ishlab turib, korrupsion pullari evaziga o‘z biznesini tashkil qilgan kimsalar ham yo‘q emas. Tabiiyki, to‘y-hashamlar ixchamlashishi, kamxarj o‘tkazilishi ularning «manfaat»lariga tamomila zid keladi. Shuning uchun ular zimdan faol qarshilik ko‘rsatishni boshlaydi. Pandemiyadan keyin yengilliklar berilganida, «to‘y-hashamlar industriyasi» dabdabali marosimlar o‘tkazish bo‘yicha agressiv targ‘ibotini boshlaydi va turli yangi «xizmatlar» taklif qilib, havasmand yoshlar, soddaroq ota-onalarni xarajat botqog‘iga tortadi. Farzandi baxtini o‘ylaydigan oiladan har xil bahonalar bilan pul shilishning payiga tushadi.

Bu muammoni bartaraf etish uchun nima qilish kerak?

Avvalambor, «to‘y-hashamlar industriyasi»da band bo‘lgan tadbirkorlarga o‘z faoliyatini boshqa yo‘nalishda boshlashi uchun imkoniyat yaratib berish kerak.

Buning uchun hukumat tomonidan «to‘y-hashamlar industriyasi»da band bo‘lgan tadbirkorlar to‘g‘risida aniq ma’lumot to‘planishi hamda ularning faoliyatini fuqarolar va jamiyat uchun foyda keltiradigan faoliyat turiga o‘zgartirishga yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishi lozim.

Misol uchun, ulkan to‘yxonalar negizida ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘rgatuvchi markazlar, pedagog kadrlarni kasbga qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlari, yoshlarning madaniy hordiq chiqarish maskanlari, fuqarolar va jamiyat uchun haqiqatda foydali bo‘lgan ijtimoiy-madaniy muassasalarni yuzaga keltirish kerak.

Tadbirkorlik faoliyati yo‘nalishini o‘zgartirish majburlash yo‘li bilan emas, balki soliqdan imtiyozlar berish, imtiyozli kreditlar taqdim etish, o‘zgarishlardan manfaatdorlikni oshirish orqali bo‘lishi kerak.

Albatta, bu takliflar go‘yoki tadbirkorlikning qaysidir turlarini cheklashga harakat qilinayotganday fikr uyg‘otishi mumkin. Lekin aslo unday emas, tadbirkorlikni cheklash tarafdori emasmiz. Biz tadbirkorlar millatni, jamiyatni tanazzulga emas, aksincha, taraqqiyotga, ma’rifatga yetaklashi tarafdorimiz.
 

Ulug‘bek VAFOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Kiritildi: 10:34 02.07.2020. O'qildi: 6736 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!