Namangan viloyatida faoliyat yurituvchi “N.V.” MCHJ rahbari Namangan shahar elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan tarmoqdan uzib qo‘yish bilan tahdid qilinib, 1,3 milliard so‘m miqdorida asossiz qarzdorlik talab qilinayotganidan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
O‘rganishlar davomida elektr ta’minoti korxonasi billing tizimidagi texnik xatolik sababli MCHJning hisoblagich ko‘rsatkichlari dasturga noto‘g‘ri kiritilgani aniqlandi. Bu esa ichki tizimda tadbirkorning zimmasiga sun’iy ravishda yirik miqdordagi qarzdorlik yuklanishiga olib kelgan.
Biznes-ombudsman tomonidan Namangan shahar “Markaz” elektr ta’minoti korxonasiga tegishli xulosa kiritildi. Natijada, “N.V.” MCHJga nisbatan hisoblangan 1 milliard 300 million so‘mlik noreal qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinib, to‘liq hisobdan chiqarildi.
Tadbirkorlikka qonunga xilof ravishda aralashish va to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi!