Ma’lumki, Jinoyat kodeksining 182-moddasida bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun sanksiyalar belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra tovar yoki boshqa qimmatliklarni bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib, deklarasiyasiz juda ko‘p miqdorda O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o‘tkazish bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltiariq tuman sudining 21.02.2025 yildagi hukmiga ko‘ra, fuqaro SH.M. noqonuniy yo‘llar bilan kondisionerlar olib kirganlikda ayblanib, bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida, ya’ni 102 000 000 so‘m jarima undirish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati yuzasidan Byuroning Marg‘ilon shahar bo‘limi tomonidan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasiga ko‘ra, SH.M. ga jinoiy jarimani ixtiyoriy ravishda to‘lash uchun 15 kun muddat berilgan. Shuningdek, Qonunning 42-1-moddasiga asosan qarzdorning O‘zbekistondan chiqish huquqi vaqtincha cheklangan.
Olib borilgan ijro harakatlari natijasida qarzdor SH.M.dan 102 000 000 so‘m jarima pullari to‘liq undirildi.