Germaniya hukumati "Shimoliy oqim" quvuri umuman ishga tushirilmasligini taxmin qilmoqda. Bu haqda GFR Vazirlar Mahkamasi vakili Shteffen Mayer matbuot anjumanida jurnalistlarga ma’lum qildi.
"Hukumatning "Shimoliy oqim" bo‘yicha pozisiyasi o‘zgarmadi. Biz uning ishga tushishini kutmayapmiz," - dedi Mayer.
Ilgari Financial Times gazetasi GFR kansleri Fridrix Mers Yevropa Ittifoqining "Shimoliy oqim" loyihasiga qarshi ehtimoliy yangi sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlayotgani haqida xabar bergan edi. Chunki Yevropa miqyosida quvurlarni tiklashni taqiqlash Germaniya ichki siyosatida loyiha taqdiri masalasini yakunlashga imkon beradi.
FT manbalaridan birining aytishicha, Yevropa Ittifoqining "Shimoliy oqim" bo‘yicha sanksiyalari quvurlar operatori kompaniyasiga yoki ularni boshqarishni va tiklash ishlarini o‘z zimmasiga olishi mumkin bo‘lgan boshqa kompaniyalarga qarshi qaratilishi mumkin.