Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus G‘azo sektoriga doimiy, uzluksiz va kuchaytirilgan tibbiy yordam yetkazilishiga chaqirdi, deb xabar beradi Anadolu agentligi.
Gebreyesus X platformasida (sobiq Twitter) ocharchilikka duch kelgan va Isroil hujumidan aziyat chekayotgan G‘azo sektoridagi vaziyat yuzasidan bayonot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 1 avgustdan buyon JSST G‘azoga tibbiy buyumlar ortilgan 24 yuk mashinasi yetkazib bergan. Ushbu yuk mashinalarida asosiy dori-darmonlar va boshqa zarur tibbiy buyumlar bo‘lib, ular tibbiyot markazlari va shifoxonalarga tarqatiladi.
— Biz tibbiy yordamning barqaror, uzluksiz va kuchaytirilishini talab qilamiz. Bu G‘azo bo‘ylab odamlar hayotiga bevosita ta’sir qiladi, — dedi JSST rahbari.
Isroilning qattiq blokadasi ostidagi G‘azo sektori gumanitar falokatni boshidan kechirmoqda: ochlik keng tarqalgan, ichimlik suvi, dori-darmon, tibbiy va gigiyena vositalari taqchil.
Ochlikdan o‘lganlar soni, ayniqsa, bolalar orasida ortib bormoqda.