Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jizzax viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “E.B.” fermer xo‘jaligi rahbari M.E. va boshqalar hududiy tijorat bankidan ajratilgan 110 ming AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘lari evaziga sotib olingan jami 40 bosh naslli chorva mollarini boshqa shaxslarga sotib yuborib, ushbu mablag‘larni talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Xo‘jaobod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda YATT F.YA. va boshqalar hududiy tijorat bankidan trikatoj ishlab chiqarish maqsadida ajratilgan kredit mablag‘lari evaziga xarid qilingan jixozlarni naqd pulga sotib yuborib, trikotaj ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘ymasdan 434,8 mln so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “A.K.” va "A.T." MCHJ mas’ul shaxslari hududiy tijorat bankidan 9 nafar fuqaroga tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratilgan imtiyozli kredit evaziga ta’minotchi korxona sifatida texnika mahsulotlarini yetkazib bermasdan, rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritish orqali jami 323 mln so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Furqat tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, Furqat bank xizmatlari markazi sobiq rahbari D.M. va boshqalar 5 nafar fuqaro nomidan ularning xabardorligisiz “F.B.” va “T.I.” MCHJ hamda boshqa tadbirkorlik sub’ektlari bilan soxta shartnomalar tuzish orqali 132,3 mln so‘m imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablag‘larni talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.