Dunyodagi eng yirik kriptovalyuta birjalaridan biri Binance 29 oktyabr kuni yirik kiberhujumga uchradi. Kompaniya dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, hodisaning moliyaviy ko‘lamini 6,3 milliard dollarga baholamoqda.
Voqea kriptovalyuta bozoriga ham ta’sir ko‘rsatdi. Bitkoin narxi bir necha soat ichida taxminan 4 foizga pasayib, 77 ming dollardan quyiga tushdi.
Binance asoschisi Chanpen Chjaoning bildirishicha, xakerlar kompaniya muhandislaridan birining noutbuki orqali ichki tizimga kirgan bo‘lishi mumkin.
Birja dastlabki tekshiruvlarda kriptohamyonlarning maxfiy kalitlari oshkor bo‘lganiga oid dalillar topilmaganini ma’lum qildi. Kompaniya foydalanuvchilar mablag‘lari xavfsiz ekanini ta’kidlamoqda.
Xavfsizlik choralari sifatida platformaga mablag‘ kiritish va undan pul yechib olish operasiyalari vaqtincha to‘xtatildi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, hujum bilan bog‘liq taxminan 3 milliard dollarlik kriptoaktivlar muzlatilgan. Binance yuzaga kelgan yo‘qotishlarni o‘z mablag‘lari va maxsus zaxira jamg‘armasi hisobidan qoplashini bildirgan.