Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius mamlakat tarixidagi birinchi harbiy strategiya va qurolli kuchlarni rivojlantirish rejasini taqdim etdi. Hujjatning asosiy qismi maxfiy bo‘lsa-da, Pistorius Rossiyaning Putin boshchiligidagi siyosati NATO uchun bevosita xavf ekanini ochiq bayon qildi.
Vazirning bayonotiga ko‘ra, Moskva qurollanish orqali NATO bilan harbiy to‘qnashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda va o‘z manfaatlari yo‘lida kuch ishlatishni odatiy vosita deb hisoblamoqda. Shu sababli, yangi konsepsiya doirasida kamida 460 ming nemis askari ittifoqchilar bilan birgalikda Rossiyaning ehtimoliy hujumini qaytarishga tayyor turishi belgilandi. Germaniya hukumati Bundesverni Yevropadagi eng kuchli armiyaga aylantirish yo‘lini tanladi.
Pistoriusning ta’kidlashicha, Berlin qisqa muddatda mudofaa qobiliyatini oshirib, uzoq muddatli istiqbolda texnologik ustunlikni ta’minlashni maqsad qilgan. Strategiyada Rossiya hozirdanoq NATO davlatlari, jumladan Germaniyaga qarshi gibrid amaliyotlar o‘tkazayotgani va alyans birligini parchalashga intilayotgani alohida qayd etilgan.
Ukraina prezidenti Zelenskiy o‘z armiyasini Yevropa mudofaasining tayanchi sifatida taklif qilgan bo‘lsa-da, ushbu hujjat Berlin YEIning harbiy yetakchiligini aynan o‘z qo‘lida saqlab qolmoqchi ekanini ko‘rsatmoqda.