Iyun oyi boshida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida prezident etib saylangan Germaniya sobiq tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Bundestagdagi mandatidan voz kechdi va iyun oxirida parlamentni tark etish niyatida. Bu haqda Der Spiegel jurnali xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Berbok 30 iyundan keyin Bundestagni tark etadi.
Ba’zi parlament a’zolari Bundestag deputatlariga yuborilgan ichki xabarda uning kasbi "xalqaro huquq bo‘yicha mutaxassis" sifatida ko‘rsatilganini payqashdi. Gamburgda o‘qishni boshlagan va Londonda magistrlik darajasini olgan Germaniya TIV sobiq rahbarining ilmiy darajasi so‘nggi yillarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Siyosatchiga o‘zini advokat deb atashga ruxsat berilmagan, chunki u zarur davlat imtihonlarini topshirmagan. Biroq, "xalqaro huquq bo‘yicha mutaxassis" atamasi bunday aniq ta’rifga ega emas, deya qayd etadi Der Spiegel.