Bekobod tumanida kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish mas’ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Bekobod tumanida qonunbuzilishi holati aniqlandi.
Xususan, Toshkent viloyati Bekobod tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i N.J. va bosh hisobchisi E.O‘.lar tikuvchilikka ixtisoslashgan 3 ta MCHJ rahbarlari bilan o‘zaro til biriktirib, 2023 yilning oktyabr-dekabr oylarida Bekobod tumanida yashovchi 116 nafar fuqaroga go‘yoki kasanachilik faoliyatida zarur bo‘ladigan asbob-uskunalar yetkazib berilganligi to‘g‘risida rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritish yo‘li bilan 950 mln. 570 ming so‘m pul mablag‘ini talon-toroj qilishgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.