Qo‘shma Shtatlarda markaziy bank vazifasini bajaruvchi Federal zaxira tizimi (FZT) prezident Donald Trampning chaqiriqlarini e’tiborsiz qoldirib, foiz stavkalarini o‘zgartirmadi.
FZT raisi Jerom Pauellning so‘zlariga ko‘ra, prezident Donald Tramp tomonidan Qo‘shma Shtatlarga olib kiriladigan barcha import mahsulotlariga qo‘yilgan bojlar tufayli hozir nima qilish kerakligi butunlay noaniq. Pauellning fikricha, agar bojlar saqlanib qolsa, ular inflyasiyaning tezlashuvi, iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi va ishsizlik darajasining oshishiga olib kelishi mumkin.
Saylov kampaniyasi davomida Donald Tramp saylovchilarga kreditlar bo‘yicha pastroq stavkalarni va’da qilgan edi. Shu bilan birga, prezident so‘nggi oylar ichida FZTni foiz stavkalarini pasaytirishga chaqirib kelmoqda. Tramp Pauellni stavkalarni tezda tushirishdan bosh tortgani uchun tanqid qilib kelmoqda.
Biroq Federal zaxira tizimi prezident va ijro hokimiyatidan mustaqil qaror qabul qiladi, bu mazkur moliyaviy muassasa faoliyatining asosiy tamoyillaridan biri hisoblanadi.