Bugun 22 yanvar, 2026 yil, payshanba

КИР

«Baxti Tashkentskiy»ning o‘g‘li: «Otamning yo‘lidan borish haqidagi xayollarim katta xato ekan»

«Baxti Tashkentskiy»ning o‘g‘li: «Otamning yo‘lidan borish haqidagi xayollarim katta xato ekan»

«Baxti Tashkentskiy» nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayevning o‘g‘li Bekzod Zafarov otasining yo‘lini davom ettirish haqidagi o‘ylari katta xato bo‘lgani hamda jinoyat olamiga intilish hech qanday foyda keltirmasligini ta’kidladi. U bu haqda Ichki ishlar vazirligi e’lon qilgan «So‘nggi pushaymon» ko‘rsatuviga so‘zlab berdi, deb yozmoqda Gazeta.

Bekzod Baxtiyarovich Zafarov uyushgan jinoiy guruhdagi noqonuniy ishlari uchun Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi «v» bandi (Uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab tovlamachilik) hamda 168-moddasi 4-qismi «v» bandi (Uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab firibgarlik) bilan aybli deb topilib, 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

«Qamalishimdan oldin otamning yo‘nalishlarini ushlayman, [maslagini] egallayman degan xayollarda yurgan edim. O‘ylaganlarimning hammasi katta xato ekan», — dedi u. Hozirda koloniyada payvandchilik va xo‘jalik ishlari bilan shug‘ullanayotgan Zafarov ozodlikdagi oddiy hayotning qadrini endi tushunib yetganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyat olamiga intilish hech qanday foyda keltirmaydi.

«Bir yil oldingi hayotim bilan hozirgi hayotim ancha farqli. Bu yerda Bekzodmisan, yo Bekmisan, kim bo‘lsang ham, hamma uchun qonun bir. Jinoyat olamining taniqli shaxslariga, umuman, jinoyat olamiga hech kim fanat bo‘lib ergashishga intilmasin. Bu narsadan hech qanday foyda yo‘q. El-yurt, ota-onaning xizmatida bo‘lsin, mahallaga, jamiyatga foydasi tegadigan inson bo‘lsin. Shu narsalarni tushunib yetdim», — deydi u.

Zafarov shaxsiy hayotidagi yo‘qotishlar va farzandlari oldidagi mas’uliyatga ham to‘xtaldi. U o‘g‘lining maktabga borishi va qizining ulg‘ayish jarayonida ishtirok eta olmayotganini eng katta pushaymonligi deb atadi.

«Odam qamalib boshiga tushsa, nimalar yo‘qotganini tushunar ekan. Ikki farzandim bor. Katta o‘g‘lim keyingi yil maktabga chiqadi. Dada, tezroq keling, sizni sog‘indim, dedi. O‘sha gaplari hali hamon xayolimdan ketmaydi. Tunlari ko‘zlarimni yumib yotganimda bolalarim va oilam tushimga kirib chiqadi. Qattiq pushaymonlarimdan biri o‘zimning maktabga chiqayotgan paytlarimni eslab, hozirgi kunda o‘g‘limni birinchi sinfga, birinchi qo‘ng‘iroqqa olib chiqa olmayotganim, ota-onalar majlisida ishtirok eta olmayotganim, unga dars-ta’limlarida qarashmayotganimdir. Ular hayotga endi qadam bosyapti. Shularga bir yaxshi o‘rnak bo‘lib, oldida suyanadigan tog‘i bo‘la olmayotganim alam qiladi. Shu narsalardan afsusdaman. Qizimning tili chiqib, har xil so‘zlari paydo bo‘layotgan paytini ko‘ra olmayapman. Shu narsalarni o‘tkazib yuboryapman. Oila muqaddas, oilada ajralish, hamma narsaga odamning o‘zi sababchi, o‘zi aybdor bo‘lar ekan. Hozir kimnidir ayblab o‘tirishim xato. Ayb o‘zimda», — deydi u.

Bekzod Zafarov agar vaqtni orqaga qaytarish imkoni bo‘lganida, halol mehnat qilib, oilasi bilan yashashni istashini, qilgan ishlari uchun jazo muqarrarligini anglab yetganini ta’kidladi.

«Noto‘g‘ri ishlar qilgan ekanman. Bitta kasb, bitta yaxshi hunar o‘rganib, el-yurtga foydam tegadigan ish qilishim kerak edi. Oilamning bag‘rida bo‘lganim ming marta afzalroq edi. Onam shuncha yo‘l bosib, meni ko‘rgani kelyaptilar. O‘zi yedirmay, ichirmay, ne umidlarda katta qilgandilaru, natijasi nima bo‘lganiga ming pushaymonman. Qaniydi vaqtni orqaga qaytarishning iloji bo‘lganida, halol yurib, halol mehnat qilib, oila bag‘rida bo‘lishni juda istardim. Chuchvarani xom sanagan ekanman, hamma narsaga jazo muqarrar ekan. Har bir O‘zbekiston fuqarosi qonunni bilib, o‘shanga amal qilib yashash kerak ekan», — dedi u.

Mahkum qilmishi uchun pushaymonlik bildirib, yaqinlari, shuningdek, davlat rahbaridan uzr so‘radi.

«Hibsxonada, mana, ikki yildan oshiq o‘tiribman. Shuni tushunib yetdimki, hibsxonada osh yeb, idish-tovoqlaringiz tilladan bo‘lgandan ko‘ra, ko‘chada oila davrasida bir burda non yeb yurganingiz ming marta afzalroq ekan. Ko‘chadan, tashqaridan bu narsa chiroyli ko‘rinadiyu, lekin ichiga kirganingizdan keyin, ming afsus, kech bo‘lar ekan. Shuning uchun ming pushaymonman. Avvalambor, ota-onamdan, qarindoshlarimdan, mahallamdan, oilamdan, muhtaram prezidentimizdan, hammadan uzr so‘rayman. Qilgan ishimdan chin ko‘nglimdan pushaymonman», — dedi «Baxti Tashkentskiy»ning o‘g‘li.

«Yoshlarga hozirgi kunda beradigan maslahatim, kelajakda ular to‘g‘ri yursa, shu — poydevor bizga. Ularga maslahatim, iloji boricha ota-onaning duosini olib, el-yurtda, mahalla-ko‘y xizmatida bo‘lib, yaxshi kasb-hunarlarning egasi bo‘lib, tillar o‘rganib, har xil davlatlar bilan, tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab, yaxshi taraf bilan O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib, hammaga tanitib, sport bilan shug‘ullansin, xomxayol qilmasdan, hamma narsani qadrlashsin», — deydi mahbus.

Kiritildi: Bugun 10:14. O'qildi: 457 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!