"Barselona" hujumchisi Rafinya 26 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan "Real"ga qarshi o‘yingacha jarohatidan tiklanishga ulguradi. Bu haqda Mundo Deportivo nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, sentyabr oyi oxiridan buyon sonining ikki boshli mushaklaridan jarohat olgan braziliyalik futbolchi sog‘ayib bormoqda. Buni payshanba kuni o‘tkazilgan MRT tekshiruvi ko‘rsatdi.
Qayd etilishicha, Rafinya Chempionlar ligasining 21 oktyabr kuni "Olimpiakos"ga qarshi o‘yinida ertaroq ham maydonga tushishi mumkin, biroq klub hujumchini ehtiyot qilmoqchi.
Joriy mavsumda kataloniyaliklar hujumchisi barcha musobaqalarda yettita o‘yinda maydonga tushib, uchta gol urdi va ikkita golli uzatmani amalga oshirdi.