Ispaniya va Italiyaning bir qancha shaharlarida sayyohlarning haddan tashqari ko‘pligiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar sayyohlar sonini kamaytirishni talab qilmoqda, deb yozadi DW.
15 iyun kuni Ispaniya va Italiyada sayohatchilar orasida mashhur bo‘lgan shaharlarda nazoratsiz turizmga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Reuters xabariga ko‘ra, Barselonadagi mitingda 600 ga yaqin odam “Sizning ta’tilingiz – men uchun qayg‘u” degan shiorlar va “Ommaviy turizm shaharni vayron qilmoqda” va “Ularning ochko‘zligi bizni yo‘q qilmoqda” degan yozuvlarni ko‘targan holda qatnashgan. Ayrim faollar suv purkagichlarini otib, do‘kon va mehmonxona oynalariga “Turistlar, uyga qaytinglar!” degan stiker yopishtirishdi.
Ma’lumotlariga ko‘ra, 1,6 million aholiga ega Barselona o‘tgan yili 26 million sayyohni qabul qilgan.
Venesiyaliklar yangi mehmonxonalarga qarshi
Sayyohlar kelishini cheklashni talab qilgan norozilik namoyishlari Janubiy Yevropaning boshqa shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi. Ispaniyada ular Malaga, Palma-de-Mayorka, San-Sebastyan, Granada va Ibisa orolida; Italiyada esa Genuya, Palermo, Neapol, Milan va Venesiya shaharlarida bo‘lib o‘tdi. Venesiyada namoyishchilar 1500 sayyohni sig‘dira oladigan ikkita yangi mehmonxona qurilishiga qarshi chiqdi.
Reuters agentligining prognozlariga ko‘ra, Yevropada xalqaro sayohatlarga sarflanadigan xarajatlar 2025 yilda 11 foizga o‘sib, 838 milliard dollarga (727 milliard yevro) yetishi mumkin. Fransiya va Ispaniyaga sayyohlar kelishi rekord darajaga yetishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.