"Barselona"ning moliyaviy ahvoli asta-sekin yaxshilanmoqda. Ispaniyaning Sport nashri xabariga ko‘ra, Kataloniya klubi butun dunyoda koronavirus pandemiyasi avj olgan 2020 yilda maosh olishni kechiktirishga rozi bo‘lgan futbolchilar oldidagi so‘nggi qarzlarini yopgan. Oxirgi to‘lov 16 million yevroni tashkil etdi. Pullar Lionel Messi, Filippe Koutinyo, Ronald Kuman va boshqalarga ketdi.
Lionel Messi 2021 yilda "Barselona"ni tark etgandi. O‘shanda moliyaviy qiyinchiliklar tufayli "ko‘k-anorranglilar" argentinalik futbolchiga yangi shartnoma taklif qila olmagan. Messi "PSJ"ga yo‘l oldi va u yerda ikki mavsum o‘tkazdi, shundan so‘ng "Inter Mayami"ga o‘tdi. Yulduz argentinalikning amaldagi shartnomasi 2025 yil oxirigacha mo‘ljallangan.