Bugun 5 may, 2025 yil, dushanba

КИР

Asrlar osha insoniyatni hayratlantirayotgan devor

Asrlar osha insoniyatni hayratlantirayotgan devor

Dunyoning yetti mo‘’jizasi qatoriga kirmagan bo‘lsa-da, olimlar, tadqiqotchilar, quruvchilaru fazogirlar, qolaversa sayyohlarning eng qiziqqan ob’ektlaridan biri bu – Buyuk Xitoy devoridir.

Ko‘pchilik Xitoyga borib, bu devorni ko‘rmay qaytganlarni Xitoyga bormagan, deb hisoblashadi. Shu sababli ham mamlakatga kelgan mehmonlarga eng birinchi ko‘rsatiladigan inshootlardan biri ayni shu devordir. O‘zbekiston jurnalistlari safari kun tartibidan ham unga tashrif o‘rin oldi. Tog‘lar orasida qad ko‘tarib turgan devorni uzoqdan ilg‘ay boshlaysiz. Unga yaqinlashganingiz sari esa, sayyohlarning hayratlanayotganini, odamlarning bir-birlariga hozirgina olgan suratlarini ko‘rsatib, texnologiyalar yo‘q vaqtda qanday qiyin sharoitda qurilish ishlarini olib borishgani-yu, mehmonlarning devor bilan bog‘liq afsonalarni so‘zlashayotgani qulog‘ingizga chalinadi. Ispan, ingliz, fransuz, hind, afrikalik... xullas bu yerda dunyoning turli nuqtalaridan kelgan kishilarni uchratasiz. Kimdir birinchi minoraga ko‘tariliboq charchagan, yana kimdir esa, so‘nggi minorani zabt etish ilinjida tepaga qarab dadil ildamlaydi. Qariyalar-u, go‘daklar, talabalar, maktab o‘quvchilari, yoshidan qat’i nazar Buyuk Xitoy devori hammaga birdek jozibador.

Meksikalik sayyoh, jurnalist Oskar Tapiyani suhbatga tortamiz. U esa bir oz nafas rostlashga fursat topganidan xursand bo‘lar ekan, o‘z hayratini yashirib o‘tirmadi.

– Ikki minoraga ko‘tarilguncha charchab qoldim, aslida so‘nggi nuqtagacha borishni niyat qilgandim, – deydi Oskar Tapiya. – Biz oxirigacha yurib borolmayapmiz. Endi tasavvur qiling bu binoni qurganlar qanchalik qiyin vazifani uddalashgan. Buni mo‘’jiza desa bo‘ladi. Bu hududning bundan ming yillar avval ham juda uddaburon va aqlli xalqi bo‘lganidan dalolat beradi. Bu devor o‘z davrining eng buyuk inshooti bo‘lib, hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Biz meksikalik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi tasavvurlari bilan ham qiziqdik.

– To‘g‘risi O‘zbekistonning ham shu devor kabi qadimiy inshootlari, qiziqarli tarixi va madaniyati borligini kasbim taqozosi sabab bilaman. Men borishim lozim bo‘lgan davlatlar ro‘yxatida u ham bor. Lekin, hali imkonim bo‘lgani yo‘q. Fikrimcha, biz kabi jurnalistlarga sizning mamlakatingizga press turlar sonini oshirish kerak. Men albatta borgan bo‘lardim. O‘zbekistondan bizning tomoshabin uchun qiziqarli bo‘lgan materiallar tayyorlanishiga ishonaman, – deydi Oskar Tapiya.

Qisqacha Buyuk Xitoy devori tarixiga to‘xtalsak. Xitoyning shimoli-g‘arbiy qismida qad rostlagan, Sariq dengizdagi Lyaodun qo‘ltig‘idan boshlanib, g‘arb tomon cho‘zilgan bu mudofaa devori ko‘hna Chin me’morchiligining ulkan va noyob namunasi sanaladi. Devorni tadqiq qilgan olimlar uning yaralishi sanasi borasida turlicha fikrlarni ilgari surishadi. Ko‘p manbalarda u miloddan avvalgi IV-III asrlarda hoqon Sin Shixuandi farmoniga binoan barpo etilgani aytiladi.

Buyuk Xitoy devori qurilishiga, o‘sha vaqtda umumiy aholining beshdan bir qismi jalb etilgan bo‘lib, dastlabki o‘n yilda 1 millionga yaqin kishi unda ishtirok etgan. Ishchi kuchi sifatida esa dehqonlar, harbiylar, qullar bilan bir qatorda jinoyatchilar jazoni o‘tash uchun jo‘natilgan.

Turli hoqonlar davrida, qachondir qurilish ishlari to‘xtab, ma’lum muddatdan so‘ng yana davom ettirilgan. Bu ishlar bir necha asrlar davomida olib borilgan bo‘lib, devorga ilk tamal toshi qo‘yilgan davrda foydalanilgan qurilish ashyolari sababli tez yemirilgani ta’kidlanadi. Shuningdek, turli urushlar vaqtida ayrim qismlari buzib ketilgan. Ma’lumotlarga qaraganda, devor miloddan avvalgi II va I asrlarda g‘arbga tomon 500 kilometrga uzaytirilgan. XIV-XVII asrlarda uni qurish va mustahkamlash ishlari davom ettirilgan. Bu vaqtda tosh bo‘laklari va g‘ishtlar, guruch yelimi kabilardan qurilishda foydalanilgan.

Xitoyning shimoliga 8000 kilometrdan ortiq masofaga cho‘zilgan devorni fotosuratlar yoki ekskursiyalarda faqat o‘rta qismlari ko‘riladi. Biz ham ayni shu hududiga bordik. Albatta ko‘pchilikda devorning boshlanish nuqtasi qayerda ekan degan savol tug‘ilishi tabiiy. Rasmiy ravishda u Janubiy dengiz sohilida joylashgan bo‘lib, aynan o‘sha yerda qadimiy Xitoy muhandislari tomonidan rejalashtirilganidek, tashqi dushmanlarga qarshi mudofaa tuzilishini tugatish mumkin edi.

Shu bilan birga, devor suvga shu tarzda kirib ketadiki, chuqurlik piyodaning yoki otning harakatlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yetarlicha katta bo‘lishi kerak edi. Agar devorning barcha davrlarida qurilgan qismlari saqlanib qolganida 21 ming kilometrdan uzunroq masofada bo‘lar edi.

Sulolalar almashar ekan devor qurilishi turli joylarda yangidan boshlangan va har doim ham bir-biriga bog‘lanmagan. Ba’zi qismlar yaxshi saqlanib qolingan, ba’zilari esa landshaft orasida unchalik ham farqlanmaydi. Buning sabablaridan biri qurilish ishlari turli vaqtlarda olib borilgani va materiallarni har xil joydan olib kelishganidir. Devor bitta uzilmas uzunlikda emas, aslida Xitoy devori bir necha bo‘laklardan tashkil topgan. Devorning ba’zi nuqtalarida kuzatish minoralari bo‘lgan. Faqatgina poytaxt Pekingina shunday, ya’ni devor uzilmasdan o‘ralgan.

Devorni ko‘rgani kelgan sayyohlarni kuzatsangiz, kimdir zinapoyalarni sanayotgani, yana kimnidir minora ichida uchib yurgan qush yoki ninachilarni kuzatayotganini, yana kimdir irim qilib temir to‘sinlarga qulf osib ketganini ham ko‘rasiz. Gap shundaki, bu inshoot bilan bog‘liq turli hikoyalaru, afsonalar ko‘p va ba’zilar ularga ishonishadi.

Ularda keltirilishicha, Xitoy devorini qurish davrida halok bo‘lganlarning hammasi shu yerga dafn etilgan ekan. Chunki bu yerda ishlash sharoiti juda og‘ir va qiyin bo‘lgan. Shu sababli ham minglab, balki undan ham ko‘proq odamlar halok bo‘lishgan... Xalq orasida uni “Eng uzun qabriston” ham deyishar ekan. Lekin, zamonaviy fanda bu o‘z tasdig‘ini topmagan.

Rivoyatlardan birida aytilishicha, qurilish boshlangan dastlabki vaqtlarda ish yurishmay, devor o‘z-o‘zidan qulab tushavergan ekan. Bundan ajablangan hoqon ko‘pni ko‘rgan allomalarni to‘plab, maslahat qilibdi. Shunda donishmandlar oqsoqoli hech kimning xayoliga kelmagan g‘alati bir taklif kiritgan ekan. Aniqrog‘i, devor ostiga endigina turmush qurgan yigit yoki qizni ko‘mib, qurbon qilish zarurligini, ana shundagina muddaoga erishish mumkinligini aytibdi. Hoqon izmiga ko‘ra, mulozimlar go‘zal qizga uylanayotgan Van ismli bir yigitni topib kelishibdi. So‘ngra uni mo‘miyolab, devor ostiga ko‘mishibdi. Shundan so‘ng istehkom qulamaydigan bo‘libdi, bora-bora uzunligi o‘n ming li (to‘rt million metr)ga yetibdi. U xitoy tilida “Van li chongchang” deb nomlanibdi. Bu “O‘n ming li uzunlikka ega devor” degan ma’noni anglatadi. Unga Vanning oti qo‘shilgani uchunmi, keyinchalik Xitoyda bu ism ramziy ma’noda keng tarqalib ketgan.

Buyuk Xitoy devori koinotdan ham bemalol ko‘rinib turadi, degan fikrlar ham berilgandi. Lekin, xitoylik fazogirlardan mamlakat jurnalistlari “Siz devorni ko‘rdingizmi?”, deb so‘rashganda, “yo‘q”, deb javob berishgan ekan. Faqat maxsus texnika orqali atayin kuzatsa, yiriklashtiruvchi qurilmalar yordamida uni ko‘rish mumkin ekan.

1984 yilga kelib Deng Siaoping tashabbusi bilan Buyuk Xitoy devorini restavrasiya qilish dasturi boshlab berilgan. 1987 yilda esa YUNESKO devorni o‘z himoyasiga olgan va Butunjahon merosi ob’ekti sifatida ro‘yxatiga kiritgan.

Bizga aytishlaricha, bu ishlarga qaramasdan, devorning sayyohlar uchun mo‘ljallangan yo‘nalishdan uzoqroqdagi qismlari xarob holatda. Ayni paytda Minlar sulolasi vaqtida barpo etilgan devorning o‘ndan bir qismigina qayta tiklangan.

Nozima TOSHPO‘LATOVA,

Toshkent - Pekin

Kiritildi: 06:00 06.08.2019. O'qildi: 2851 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!