Alloh subhanahu va taolo bandalarining hayotini yillardan, yillarni oyu kunlardan iborat qilib yaratdi. Kunlarni ham turli vaqt bo‘laklariga ajratib, bir vaqtni boshqasidan fazilatliroq va barakaliroq qilib qo‘ydi. Shunday muborak oylarning eng fazilatlilaridan biri muharram oyi, bu oyda iymon egalari g‘animat bilmoqlari kerak bo‘lgan eng ulug‘ kun esa ashuro kunidir. Ashuro kuni muharram oyining 10- kuni bo‘lib, bu yil milodiy hisobda 20 sentyabrga to‘g‘ri keladi.
Imom Muslim “Sahih“larida rivoyat qilingan hadisda Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Ramazon oyidan so‘ng eng yaxshi ro‘za Allohning muharram oyi ro‘zasidir. Farz namozlaridan so‘ng eng yaxshi namoz tungi namozdir“.
Ushbu hadisdan tushuniladiki, nafl ro‘zalar ichida eng savobi ulug‘i muharram oyi ro‘zasidir.
Tobeinlardan Abu Usmon An Nahdiy aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobalari uchta 10 kunni ulug‘lar edilar: ramazonning so‘nggi 10 kuni, zulhijjaning dastlabki 10 kuni va muharram oyining dastlabki 10 kuni“.
Imom Buxoriy va Imom Muslim sahihlarida rivoyat qilingan hadisda Ibn Abbosdan roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida yahudiylarning Ashuro kuni ro‘za tutayotganini ko‘rib: “Bu - yaxshi kun, bu Alloh bani Isroilni dushmanlaridan xalos qilgan kundir. Muso bu kunda ro‘za tutgan va biz Musoga haqliroqmiz“ dedilar va sahobalarni Ashuro kuni ro‘za tutishga buyurdilar.
Hadisdan ma’lum bo‘ladiki, bu ulug‘ kun Alloh taolo Muso alayhissalom va qavmini Fir’avn qo‘shinidan qutqargan, iymon egalarini kufr egalari ustidan g‘olib qilgan kundir.
Imom Muslim Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadislarida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ashuro kunining ro‘zasi o‘zidan oldingi bir yillik gunohlarga kafforat bo‘lishini aytganlar. Allohu akbar! Bu qanday buyuk kunki, undagi bir kunlik ro‘za bir yillik gunohlarning kechirilishiga sabab bo‘lsa! Bunday katta imkoniyatni, ozroq harakat bilan bunday katta natijaga erishish fursatini oqil odam qo‘ldan boy berarmidi?!
Ashuro ro‘zasini tutmoqchi bo‘lgan kishi 9- va 10- kunlari (ashuro kuni va undan oldingi bir kunda) ro‘za tutmog‘i eng afzalidir. Zero, imom Muslimning sahihlarida Ibn Abbosdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sallallohu alayhi vasallam aytadilar: “Agar keyingi yilgacha yashab tursam, 9- kunning ham ro‘zasini (Ashuro bilan qo‘shib) tutgan bo‘lardim.” Agar 9-, 10- va 11- kunlari yoki 10- va 11- kunlari ro‘za tutsa, yohud 10-ning o‘zida tutsa ham hadislarda kelgan ulkan ajrlarni oladi, inshaalloh. Imom Mulla Aliy Qoriy rohimahulloh muharramning ko‘proq kunlarida ro‘za tutish afzal ekanini aytib, biroq ushbu oyning har kuni ro‘za tutish boshqa hadislarga zid ekanini aytganlar.
Ey mo‘min birodarlar, tijoratlarda oqil bo‘lganimiz kabi ibodatlarda ham oqil va hikmatli bo‘laylik. Alloh Taolo fazli va rahmati bilan ba’zi kunlar va soatlarga ajru savoblar xazinalarini taqsimlab, Jannatga oshiq mo‘minlar uchun bu g‘animat vaqtlarni ikki dunyo saodatiga erishishlari imkoniyati o‘laroq tuhfa qildi. Bunday muborak kunni g‘animat bilaylik va unda xayrli ishlarga, xususan, ro‘za tutib, duolar qilib qolishga shoshilaylik.
Unutmaylikki, tadabbur va tafakkur egalari uchun bu kunning fazilatli bo‘lishiga sababchi bo‘lgan payg‘ambarlar tarixlarida ulkan hikmatlar bor. Bu kunlarda ro‘za tutishimiz, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bu kunda ro‘za tutishlariga sababchi bo‘lgan Muso alayhissalom hayotlaridan bir qissani eslasak.
Fir’avnga folbinlari bani Isroildan chiqqan go‘dak uning saltanatini vayron qilib yuborishini aytdilar. U o‘z askarlariga bani Isroilda tug‘ilgan har bir go‘dakni o‘ldirishni buyurdi. Fir’avnning zolim qo‘shini har bir go‘dakni onasi qo‘lidan tortib olib, so‘yib yuborayotgan bir paytda dunyoning bashariyatga ma’lum qoidalariga ko‘ra Musoning o‘limi muqarrar bo‘lib qolgandi. Biroq bandalar reja tuzaveradilar, Allohning rejasi bor. Allohning qadari bandalarning rejalarini yo‘q qilib yuborishini zolimlar bilmaydilar. Musoning onasi o‘z go‘dagini qanday qilib Fir’avn zulmidan qutqarib qolishini o‘ylab iztirobda turgan bir paytda Alloh unga jajji chaqalog‘ini daryoga uloqtirishni buyurdi. Dunyoning insoniyatga ma’qul bo‘lgan qoidalariga ko‘ra bu yechim aqlsiz va mantiqsiz ko‘rinadi. Ona Fir’avnning oldiga borib, bolasiga shafqat qilishini so‘rab yolvorishi, qochishga - yashirinishga urinishi yoki askarlardan o‘tinib, go‘dagini istisno o‘laroq tirik qoldirishlariga ko‘ndirishga urinishi inson aqliga to‘g‘ri keladigan yechimlardir. Biroq suvga otib yuborish dunyoning qoidalarini chetga surib, xolis Allohga chinakam tavakkul qilish edi. Muso alayhissalomning onalari aynan shunday qildilar. Chaqaloq oqib boshqa shaharga ketmadi, minglab boshqa oilalar emas, aynan uni o‘ldirishni istagan Fir’avnga oilasiga borib qoldi. Allohning ishlari naqadar go‘zal va hikmatli! Allohning qo‘shinini Uning O‘zidan boshqa birov bilolmaydi. Alloh Fir’avn va ayoli qalbiga go‘dakka nisbatan muhabbatni solib qo‘ydi. ”Ko‘zimizning quvonchi“ dedi Fir’avnning ayoli. Go‘dakni emizish uchun ayollar kelganda go‘dak hech kimni emmadi. Yuzlab go‘daklarni o‘ldirayotgan oila endi o‘zlari o‘ldirishni xohlagan go‘dakni sevib, uning injiqligiga qul bo‘lib, unga u emadigan ayolni topish uchun butun shaharni oyoqqa turg‘izishdi. Allohning ularga qarshi “qo‘shini“ muhabbat bo‘ldi. Go‘dakni sevib, uning injiqligiga bo‘ysungan Fir’avn oilasi barcha ayollarni go‘dakni emizishga urinib ko‘rish uchun chorlar ekan, va nihoyat navbat Musoning onasiga keldi. Allohning qadari bilan go‘dak o‘z onasini emdi va Alloh va’dasini bajarib, o‘lim xavfida suvga uloqtirilgan go‘dakni bir kunda o‘z onasiga barcha xavfdan aynan uni o‘ldirmoqchi bo‘lgan zolim dushmanlar tomonidan himoya qilingan holda qaytardi. Allohning tadbiri qanday ham go‘zal!
Bu qissada aql egalari uchun cheksiz hikmatlar bor! Bugungi muammolar ko‘paygan, dunyo ishlari qalblarni mahzun qilgan kunlarimizda aslo unutmaylikki, biror daraxt bargi Allohning irodasisiz yerga tushmaydi. Qorong‘u tunda ulkan sahroning qoq o‘rtasida zarradek bir hasharotning qanot qoqishini Alloh yozib qo‘ygan va bilib turadi. Gohida muammolarning yechimi biz kutgan shaklda, biz kutgan yo‘llar bilan bo‘lmay, Alloh har bir ishga eng go‘zal xotimalarni tayyorlab qo‘ygan bo‘ladi. Bandaning ishi esa Allohga ixlos bilan duo va tavakkul qilish, Alloh qodir qilganicha xayrli – savobli amallar bilan yashab, mo‘min holida omonatini topshirishdir.
Alloh barchamizni xayrli ishlarga muvaffaq qilsin! Yurtimizni islomobod qilsin! Buxoriylar, Termiziylar faqatgina o‘tmishimiz emas, kelajagimiz ham bo‘lmog‘ini nasib aylasin!
Ashuro kunini biz uchun barokotli qilsin!
Mahmud USMON
Madina Islom universiteti talabasi