Bugun 18 iyun, 2025 yil, chorshanba

КИР

Asalari chaqishi milliarderni o‘ldirdi: BAA shifokorlari hasharot kam uchraydigan yurak xavflariga sabab bo‘lishi haqida ogohlantirmoqda

Asalari chaqishi milliarderni o‘ldirdi: BAA shifokorlari hasharot kam uchraydigan yurak xavflariga sabab bo‘lishi haqida ogohlantirmoqda

Hindistonlik sanoatchi va Sona Comstar kompaniyasining raisi Sunjay Kapurning vafoti asalari chaqishi natijasida yuzaga kelgan yurak xurujidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. 53 yoshli Kapur 12 iyun kuni Angliyadagi Vindzor shahridagi "Guards Polo Club"da polo o‘yini davomida vafot etdi. U o‘yinda "Nimadir yutib yubordim!" deb aytganidan so‘ng, og‘ziga asalari chaqqani va bu holat anafilaktik shok hamda yurak xurujiga olib kelgani taxmin qilinmoqda.

Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) joylashgan shifokorlar, bunday holatlar juda kam uchrasa-da, xasharot chaqishlarining jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Hayot uchun xavfli asoratlar

Prime Medical Centre Burjuman filialidagi kardiolog doktor Suma Malini Viktor shunday deydi:

"Asalarini tasodifan yutib yuborish ba’zi hollarda hayot uchun xavfli asoratlarga — anafilaktik shok va yurak xurujiga olib kelishi mumkin, ayniqsa xasharot zahriga qattiq allergiyasi bo‘lgan odamlarda. Agar asalari nafas yo‘li, til yoki tomoqqa chaqsa, bu nafas yo‘lida shishish va tiqilib qolishga sabab bo‘ladi. Ayrim hollarda asalari zahri yurak va tomir tizimiga bevosita ta’sir qilib, infarktni keltirib chiqarishi mumkin."

Abu-Dabidagi Medeor shifoxonasidagi oilaviy tibbiyot mutaxassisi doktor Saad Kamil Dilli qo‘shimcha qildi:

"Xasharot chaqishidan keyin yuzaga keladigan anafilaksiya aholi orasida nisbatan kam uchraydi, ammo chaqishga allergiyasi bor odamlarning 5–10 foizida kuzatiladi. Allergiyasi bo‘lmagan holatda ham, agar chaqish nafas yo‘lida bo‘lsa, u holda bu shoshilinch tibbiy holat hisoblanadi."

Uning aytishicha, ayrim hollarda bu "Kaunis sindromi"ni keltirib chiqaradi, ya’ni allergik reaksiya tufayli yurak tomirlarida spazm yuzaga keladi va bu holat hatto yurak xastaligi bo‘lmagan odamlarda ham infarktga olib kelishi mumkin.

International Modern Hospital shifoxonasining intervension kardiologi doktor Hisham Tayel esa shunday dedi:

"Chaqish joyi juda muhim. Agar u og‘iz bo‘shlig‘i, til yoki tomoqda yuz bersa, hatto allergiyasi bo‘lmagan odam uchun ham xavf yuqori. Kuchli xavotir, kislorod yetishmovchiligi yoki nafas olishdagi muammo yurak ritmining buzilishiga yoki yurak to‘xtashiga olib kelishi mumkin, ayniqsa oldindan aniqlanmagan yurak kasalliklari borlarda."

Ogohlantirish va oldini olish

Shifokorlar hasharot chaqishlariga allergiyasi bor insonlar doimo o‘zlari bilan adrenalinli EpiPen ukoli olib yurishlari lozimligini ta’kidlamoqda. Shuningdek, chaqishdan keyin g‘alati simptomlar paydo bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak.

Sunjay Kapurning vafoti hasharot chaqishlarining jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yana bir bor eslatib, odamlarni ehtiyotkorlikka chaqirmoqda.

Kiritildi: 17:24 16.06.2025. O'qildi: 717 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!