Ag‘darilgan Suriya prezidenti Bashar Asadning o‘g‘li Hofiz Asad Telegramda video joyladi va unda ko‘rsatilgan ijtimoiy tarmoqdagi sahifa haqiqatan ham o‘ziga tegishli ekanini tasdiqladi.
Hofiz Asad o‘zini Moskvaning ko‘chalaridan birida tasvirga tushirdi va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda sahifasi yo‘qligini ta’kidladi, deb xabar bermoqda NEWSru.co.il.
Yaqinda ushbu sahifada ingliz va arab tillarida post e’lon qilindi, unda Asadning o‘g‘li oilasining Moskvaga qochish holatlari haqida so‘z yuritdi. U qochish rejasiz bo‘lganini aytdi. Hech kim Damashqni tark etishni o‘ylamagandi, biroq kechasi Asadning oldiga Rossiyaning yuqori martabali vakili kelib, undan bir necha kunga Latakiyaga ko‘chib o‘tishni so‘radi - go‘yoki poytaxt xavfli, harbiy harakatlarni esa dengiz bo‘yidagi shahardan turib ham boshqarsa bo‘ladi, deb.
Tun yarimidan o‘tib, soat uchda aeroportga yetib kelganida, ular Asadlar xonadonining boshqa a’zolarini, jumladan, prezidentning ukasi Mohir Asadni ko‘rdi. Rossiya samolyotida Xmeymim aviabazasiga o‘tishdi. Bu yerda hukumat qo‘shinlari o‘z pozisiyalarini tark etayotgani haqidagi ma’lumotni olishdi. Hofiz Asadning aytishicha, ayni shu paytda muxolifat Rossiya nazoratidagi bazani kamikadze dronlar bilan o‘qqa tuta boshladilar. 8 dekabr kuni kunduzi Rossiya qo‘mondonligi vakillari bazaning qo‘lga olinishi xavfi bevosita mavjudligini ma’lum qildi. Rossiya tomoni bilan maslahatlashgach, Moskvaga uchish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.