Wall Street Journal jurnalistlari Damashqda Suriya razvedkasining «215-bo‘lim» hujjatlarini qo‘lga kiritishdi. Ushbu maxfiy materiallar Bashar Asad rejimining shiddat bilan parchalanishi qanday sodir bo‘lganini ochib beradi.
Hujjatlarga ko‘ra, rejimga berilgan birinchi jiddiy zarba – noyabr oxirida Halabning qo‘ldan ketishi bo‘ldi. Elita hukumat qo‘shinlari vahima ichida shahardan qochib, o‘z qurollari va harbiy texnikalarini tashlab ketishdi.
Bu vaqtda «Hay’at Tahrir ash-Shom» (HTSh) guruhi Eron va Rossiyaning Asad rejimiga bo‘lgan qo‘llab-quvvatlovi susayganidan foydalandi. Rossiya Ukrainadagi urush bilan band bo‘lgani sababli, Damashq zaiflashdi. Halab bosib olingach, qo‘zg‘olonchilar Hama shahriga yurish qildi va 5 dekabrda uni egalladi.
Bu hodisa burilish nuqtasi bo‘ldi – endi Damashq va isyonchilar o‘rtasida faqat bitta yirik shahar – Homs qolgan edi.
Rasmiy propaganda qo‘zg‘olonchilarning muvaffaqiyatlarini kichik ko‘rsatishga urinayotgan bir paytda, ichki hujjatlar rejim ichida kuchayib borayotgan vahima haqida so‘z yuritgan.
Brigada generali Nikolay Musso o‘z hisobotida Asad armiyasining ichki inqirozi haqida shunday yozgan:
Ofiserlar va askarlar moddiy manfaatlarga va shaxsiy hayot lazzatlariga mukkasidan ketib qolishgan.
Og‘ir iqtisodiy inqiroz sababli harbiylar texnikani ta’mirlash va yashash uchun noqonuniy yo‘llarga murojaat qilishgan.
Damashq 8 dekabr kuni qo‘zg‘olonchilar qo‘liga o‘tdi. So‘nggi kunlarda razvedka shaharda shubhali faollik ortib borayotganini va isyonchilarning «uyqudagi hujayralari» harakatlana boshlaganini bildirgan.
Askarlar va zobitlar ko‘plab joylarda bo‘ysunishdan bosh tortib, dezertirlik qilgan. Dar’a viloyatidagi razvedka ofiserlaridan biri:
«Mening aksariyat hamkasblarim Asad Moskvaga qochishidan bir necha kun oldin xizmat joylarini tashlab ketishdi.»
Damashq qo‘lga kiritilgach, qo‘zg‘olonchilar mash’um Sudnaya qamoqxonasidagi mahbuslarni ozod qilishdi. Bu yerda ko‘plab siyosiy mahbuslar qiynoqlarga solingan va qatl etilgan edi.
Asadning qochishi bilan Suriyada o‘n yildan ortiq davom etgan temir panja rejimi tarixga aylandi.