Argentina Prezidenti Xaver Miley:
“Dunyo hamjamiyatiga aniq aytmoqchiman va Argentinaning pozisiyasini bildiraman. Malvin (Folklend) orollari tarixan va huquqan Argentinanikidir. Bu borada hech qanday bahs-munozara bo‘lishi mumkin emas.
Ushbu orollar millatimiz shakllana boshlagan davrdan buyon Argentina hududining bir qismi bo‘lib kelgan. 1833-yilda Buyuk Britaniya Malvin (Folklend) orollarini egallab olgan, Argentina hokimiyatini quvib chiqargan va bugungi kungacha davom etib kelayotgan mustamlaka vaziyatini o‘rnatgan.
Bu shuni anglatadiki, orol aholisi bosib olingan hududga ko‘chirib keltirilgan aholi bo‘lgani sababli o‘z taqdirini o‘zi belgilash bo‘yicha qonuniy huquqqa ega emas hamda orollarda o‘tkazilgan referendumlarga asoslangan har qanday vaj haqiqiy hisoblanmaydi”.
Shuningdek, Miley Britaniya inqirozga yuz tutayotganini aytdi. “Buyuk Britaniya inqiroz yo‘lidan ketayotgani aniq ko‘rinib turibdi. Shu bilan birga, Argentinaning kelajagi guldurayapti va u g‘alaba qozonadi”, degan Argentina Prezidenti.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Ed Milibend Folklend orollari bo‘yicha Londonning pozisiyasi o‘zgarmasligini ma’lum qildi: «Orollar Britaniyaniki va shundayligicha qoladi. Chunki orol aholisining mutlaq ko‘pchiligi aynan shu pozisiyani qo‘llab-quvvatlaydi».
Folklend orollari: Britaniyanikimi yoki Argentinikmi?
Folklend orollari Janubiy Atlantikada joylashgan bo‘lib, ular ustidan Britaniya va Argentina o‘rtasidagi bahs 200 yilga yaqin vaqtdan beri davom etib keladi. 1833 yildan orollar Britaniya nazoratida, 1982 yilda esa Argentina ularni kuch bilan egallab oldi. Biroq 74 kunlik urushdan so‘ng Britaniya armiyasi orollarni qayta nazoratga oldi — janglarda qariyb 1 000 kishi halok bo‘ldi.
2013 yilda orol aholisi referendum o‘tkazib, 99,8% ovoz bilan Britaniya hududi bo‘lib qolishni tanlagan. Bugun Folklend orollari ichki ishlarida deyarli mustaqil boshqariladi, ammo tashqi siyosat va mudofaa Britaniya zimmasida.
Qizig‘i, bahs hali ham tugamagan. Bugun Argentina prezidenti Xavyer Miley orollarga bo‘lgan da’voni yana kuchaytirmoqda. Ayniqsa, hudud yaqinidagi katta neft zaxiralari masalani yanada dolzarb qilmoqda. Britaniya esa orollar aholisi o‘z kelajagini o‘zi belgilash huquqiga ega ekanini ta’kidlamoqda.