Mahalliy matbuotning xabar berishicha, polisiya Buyenos-Ayresda to‘qnashuvlarga aylangan norozilik namoyishini tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, rezina o‘qlar va suv purkagichlardan foydalangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 20 kishi jarohat olgan va 150 kishi hibsga olingan.
Norozilik aksiya Argentina Milliy Kongressi binosi yonida bo‘lib o‘tdi va unda taxminan ikki ming kishi ishtirok etdi.
Namoyishchilarning asosiy qismi mamlakat prezidenti Xavyer Mileyning qattiq iqtisodiy siyosatiga qarshi chiqqan nafaqaxo‘rlar edi. Ularga milliy bayroqlar va futbolchi Diyego Maradonaning portretlarini ko‘tarib chiqqan futbol muxlislari ham qo‘shildi.
Hukumat vakillariga ko‘ra, aksiya ishtirokchilari polisiyaga toshlar, yorug‘lik-shovqin granatalari va boshqa buyumlar uloqtirgan, shuningdek, barrikadalar qurishga va avtomobillarni yoqib yuborishga harakat qilgan.