Eron Qurolli Kuchlari Qo‘shma Shtatlardan hech qanday hujum yoki tahdidni javobsiz qoldirmaydi.
Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi o‘zining ijtimoiy tarmoq sahifasida yozdi.
"Jang maydonidagi mag‘lubiyatlariga qaramay, Qo‘shma Shtatlar bizning qat’iyatimizni sinab ko‘rishga qaror qildi. Bizning kuchli qurolli kuchlarimiz hech qanday hujum yoki tahdidni javobsiz qoldirmaydi. Agar xavfsiz bo‘lishni istasangiz, mintaqamizni tark eting."
"Fors ko‘rfazi tarixi tashqaridan aralashganlarning achinarli taqdiri haqida ko‘plab boblarni o‘z ichiga oladi", deb ta’kidladi Arag‘chi.
Shu bilan birga, Eron ommaviy axborot vositalari mamlakat qurolli kuchlari yaqin daqiqalarda AQSh zarbalariga javob berishini xabar qilishdi. Tasnim axborot agentligining xabar berishicha, Eron harbiylari vertolyot urib tushirilgandan keyin sodir bo‘lgan Amerika hujumiga qat’iy javob qaytaradi.
Eslatib o‘tamiz, Qo‘shma Shtatlar Eronning bir nechta hududlarida havo hujumlarini amalga oshirdi. Mamlakat janubidagi Bandar Abbos, Sirig va Keshm oroli hududida ketma-ket portlashlar eshitildi. Eron Amerika Apache vertolyotini urib tushirgandan so‘ng, Vashington ma’muriyati javob operasiyasini boshladi.
O‘z navbatida, AQSh Markaziy qo‘mondonligi AQSh harbiylari Hormuz bo‘g‘ozi ustida Apache vertolyoti urib tushirilgandan so‘ng Eronga zarba berishni boshlaganini ma’lum qildi.