Bugun 7 may, 2024 yil, seshanba

КИР

Arablarning hujjati bo‘lgan alloma

Arablarning hujjati bo‘lgan alloma

To‘liq ismi va tug‘ilishi: Amr ibn Usmon ibn Qanbar Abu Bishr. Nahvchilar imomi, arablar hujjati, nahv ilmini soddalashtirib ishlab chiqqan olim va arablarning hujjati va dasturi bo‘lgan "al-Kitob"ning muallifi. Sibavayhning asl kelib chiqishi forsiydir. Rojih qavlga ko‘ra 140-hijriy yilda, Fors yeriga qarashli Baydo shahrida tavallud topgan. Baydo shahri Sherozdan 800 farsax uzoqlikdagi Istaxrdagi eng katta shahardir. Kichikligida Basraga borgan va o‘sha yerda o‘sib-ulg‘aygan. 

Ulg‘ayishi va hayot yo‘li: Sibavayh ilm markazi va ilmlar minbarlari bo‘lgan Basra shahriga Fors yeridan keldi. U yaxshi, xushbichim va pokiza bola edi. Yoshligidan hadis va fiqh ahlining oldiga bora boshladi. Hadis yozish va rivoyat qilish uchun Hammod ibn Salamaning halqasiga qatnashar edi. Lekin Alloh uning xohlaganini emas, boshqa bir narsani iroda etdi. Hammodning huzurida arab tilidagi ba’zi qoidalarda xato qilganidan so‘ng, nahv ilmini o‘rganishga kirishdi va Xalilning etagidan tutdi. U nahv imomi bo‘lib yetishdi. 

Sibavayhning ustozlari: Eng mashhur ustozlaridan biri Hammod ibn Salamadir. Nahvni o‘rganishga qaror qilganidan keyin, Sibavayh Xalil ibn Ahmad al-Farohidiyning etagidan tutdi. U bu ustozidan juda ko‘p narsalar o‘rgandi va o‘zining yagona bo‘lgan kitobida ham undan ko‘plab rivoyatlar keltirdi. 

Sibavayh arab tili ilmida birgina shu ustozi bilan cheklanmadi. Balki al-Axfash al-Akbar nomi bilan mashhur bo‘lgan Abul Xattobning qo‘lida ham ta’lim oldi. Shu bilan birga, Iyso ibn Umar, Yunus ibn Habib, Abu Zayd al-Ansoriy an-Nahviydan ham dars oldi.

Sibavayhning kitobi: Sibavayh "Kitob" degan asar bitgan. Uning kitobi 920 betdan ko‘proq hajmda. Kitob ikki juz’ bo‘lib, birinchisi nahv haqida va ikkinchisi tuslanmaydigan va turlanmaydigan, nasab, izofa, tasg‘ir (kichraytirish) formasi va sarfning boshqa yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan. Bundan tashqari arab ilmining boshqa, majoz, ma’oniy va she’rlar kabi qismlarini ham qamrab olgan. 

Sibavayhning vafoti: Sibavayhning o‘limi haqida turli xil fikrlar mavjud. Ko‘pchilik uni hijriy 180-yilda vafot topganligini aytadi. Xatib esa, o‘limi payti Sibavayh 32 yoshda bo‘lganligini aytgan.

Sibavayh haqida olimlarning fikri: 

Ibn Kasir: "U nahv ilmida bir kitob tasnif etgan. Nahv imomlari undan keyin uning oxiriga va sharhiga yetib bora olmaydilar. Uning dengizi girdobiga botganlar va durlaridan terib olganlar. Biroq hali chuquriga yetmadilar".

Johiz: "Insonlar nahvda buningdek bir kitob yozmaganlar. Insonlarning barcha kitoblari unga boqimandadir".

Manba: Islamstory sayti

Kiritildi: 11:45 05.07.2020. O'qildi: 2946 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!