Misr, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) va Falastin AQSh prezidenti Donald Trampning falastinliklarni G‘azo sektoridan arab davlatlariga, jumladan Iordaniya va Misrga chiqarib yuborish rejasini qat’iyan rad etishlarini ma’lum qildi.
Bu haqda Qohiradagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha arab tashqi ishlar vazirlarining qo‘shma bayonotida aytildi.
Uchrashuv ishtirokchilari Tramp ma’muriyati va boshqa davlatlar bilan ikki davlat yechimiga asoslangan adolatli va keng qamrovli tinchlikka erishish uchun hamkorlik qilishga sodiqligini ta’kidladilar. Bayonotda, shuningdek, Falastin huquqlarining poymol qilingan barcha holatlari rad etilganligi ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, yig‘ilish ishtirokchilari G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvni olqishlagan, shuningdek, Misr, Qatar va AQShga ushbu kelishuvga erishishdagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirgan.
Bundan tashqari, bayonotda Isroil qo‘shinlarining G‘azo sektoridan to‘liq olib chiqilishi va G‘azoni bo‘lib olishga urinishlarning to‘xtatilishi muhimligi ta’kidlangan. Falastin ma’muriyati bilan sektordagi mas’uliyatni bajarish uchun hamkorlik qilish zarurligi ham qayd etilgan.