Qo‘shma Shtatlar ma’muriyati Rossiya neftiga qarshi joriy etilgan sanksiyalar cheklovlarini vaqtincha to‘xtatib turish muddatini uzaytirmadi. Shuningdek, sanksiyalar 16 maydan – mamlakatlarga Rossiyadan sanksiya ostidagi energiya resurslarini sotib olishga ruxsat beruvchi istisnolar muddati tugagan kundan boshlab yana kuchga kirdi.
Mart oyida Vashington AQSh va Isroilning Eron bilan urushi fonida neft narxining oshishini sekinlashtirish maqsadida, Moskvaning Kiyevga hujumi sababli kiritilgan sanksiyalarni qisman to‘xtatib turgan edi. O‘shanda AQSh Moliya vazirligi kemalarga yuklab bo‘lingan neftni sotib olishga 30 kunga ruxsat bergandi.
Ushbu muddat 11 aprelda tugashi kerak edi, biroq Qo‘shma Shtatlar ma’muriyati ruxsatnomani yana 16 maygacha uzaytirdi. 11 apreldan bir oz oldin AQSh Moliya vaziri Skott Bessent davlatlarga Vashington sanksiyalaridan qo‘rqmasdan Rossiya neftini sotib olish imkonini bergan ushbu ruxsatnoma muddati boshqa uzaytirilmasligini va’da qilgan edi.
Bloomberg agentligining qayd etishicha, Yevropa davlatlari sanksiyalarning to‘xtatib turilishiga qarshi chiqishgan, chunki bunday choralar Ukrainaga qarshi urushini neft sotishdan tushgan daromadlar hisobidan moliyalashtirayotgan Rossiyaga nisbatan bosimni susaytiradi.
Biroq, ba’zi davlatlar, jumladan Hindiston va Indoneziya Tramp ma’muriyatini cheklovlarni to‘xtatib turish muddatini uzaytirishga ko‘ndirishga urinishdi, chunki Ho‘rmuz bo‘g‘ozining bloklanishi jahon bozorlarini neft mahsulotlarining katta qismidan mahrum qildi, deb yozadi agentlik.