Bu haqda Amerika floti qo‘mondonligi ma’lum qildi. Guruhni ko‘chirishga buyruq bergan prezident Donald Tramp buni Venesueladan giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash doirasida amalga oshirayotganini aytgan edi.
Amerika floti 11 noyabr kuni aviatashuvchilar guruhi AQSh Janubiy qo‘mondonligi mas’ul bo‘lgan zonaga (Karib dengizi va Lotin Amerikasi mamlakatlarini o‘z ichiga oladi) kirgani haqida xabar berdi.
USS Gerald Ford'da bir necha o‘nlab jangovar samolyotlar joylashtirilgan. Uning ekipaji uchuvchilar hamda samolyotlarga xizmat ko‘rsatuvchi texnik xodimlar bilan qo‘shib hisoblaganda 4,5 ming kishidan ortiq. Aviatashuvchiga bir necha raketali esmineslar hamda boshqa jangovar hamda ko‘makchi kemalar hamrohlik qiladi.
AQSh floti va aviasiyasi bir necha oydan beri Karib dengizi va Tinch okeanida harakatlangan kichik kemalarga zarba bermoqda, AQSh rahbariyati ular giyohvand moddalar tashishda foydalanilganini iddao qiladi. Kamida 19 ta kemaga zarba berilgan, natijada kamida 76 kishi halok bo‘lgan.
Venesuela yetakchisi, so‘l sosialist Nikolas Maduro va mamlakat rahbariyatining boshqa vakillari AQSh ularni hokimiyatdan chetlatish maqsadida sun’iy ravishda inqiroz yaratayotganini da’vo qilmoqda.