AQShda 975 nafar o‘zbekistonlik noqonuniy migrant deportasiyasi xavfi ostida turibdi. Ular Immigrasiya va bojxona nazorati (ICE) agentligi tizimida deportasiya to‘g‘risidagi yakuniy qarorni olgan, ammo hozirda hibsda bo‘lmagan 14 million norezident ro‘yxatiga kiritilgan.
Fox News’ning xabar berishicha, ro‘yxatda eng ko‘p fuqarolari bo‘lgan davlatlar qatoriga Gonduras (261 651), Gvatemala (253 413), Meksika (252 044) va Salvador (203 822) kiradi. Xitoy, Gaiti, Venesuela kabi mamlakatlardan ham o‘n minglab odamlar deportasiya xavfi ostida.
AQSh hukumati noqonuniy muhojirlarni qaytarish jarayonida qiyinchiliklarga duch kelmoqda, ta’kidladi nashr. Xususan, ayrim davlatlar o‘z fuqarolarini qabul qilishdan bosh tortayotgan bo‘lsa (Xitoy, Rossiya, Eron va Kuba kabi 15 davlat), ba’zi shaxslar huquqiy himoya yoki boshpana so‘rash jarayonidan o‘tmoqda.
Fox News’ning yozishicha, 2021 yildan so‘ng deportasiya hujjatlariga joylashtirilgan migrantlar soni tezlikda o‘sgan va 2023 yilda 3,7 milliondan 7 millionga yetgan. Ularning aksariyati yaqinda chegarani kesib o‘tgan bo‘lsa, ba’zilari AQShda o‘nlab yillar davomida yashab keladi.