Rod-Aylend shtatining Providens shahri meri ukrainalik Irina Zaruskaya xotirasiga bag‘ishlangan, hali yakunlanmagan muralni o‘chirib tashlashni talab qilmoqda.
Fox News xabariga ko‘ra, demokrat mer ushbu tasvirni "jamiyatni parchalovchi" va shahar qadriyatlariga zid deb atagan. Vaziyat shundaki, ushbu memorial loyihasi Ilon Mask tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bo‘lib, biznesmen 2025 yil sentyabrida buning uchun 1 million dollar xayriya qilishini bildirgan edi.
Bu voqea Qo‘shma Shtatlardagi ikki siyosiy lager o‘rtasidagi bahsni yanada avj oldirdi. Tramp tarafdorlari ukrainalik ayolning o‘ldirilishini demokratlarning jinoyatchilikka nisbatan yumshoq siyosati oqibati sifatida ko‘rsatmoqda, chunki qotil avval ham qo‘lga olingan bo‘lsa-da, keyinchalik ozodlikka qo‘yib yuborilgan. O‘z navbatida, shahar ma’muriyati bu kabi murallarni moliyalashtirayotganlarning asl maqsadi siyosiy bo‘linish keltirib chiqarish ekanini da’vo qilmoqda.
O‘tgan haftada ishni boshlagan rassom esa bu memorialda hech qanday siyosiy maqsad yo‘qligini va u faqat insoniy fojiani xotirlash uchun chizilayotganini ta’kidlamoqda. Shunga qaramay, mahalliy hukumat va loyiha homiylari o‘rtasidagi qarama-qarshilik kuchayishda davom etmoqda.