AQSh Prezidenti Donald Tramp nutqlari davomida ishlatadigan iboralarga yashirincha garov tikkan telesuflyor operatori 172 ming dollar (taxminan 14,8 million rubl) miqdorida jarimaga tortildi. Bu haqda AQSh Tovar fyucherslari savdosi bo‘yicha komissiyasi (CFTC) bayonotiga tayanib TASS xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu xodim Tramp o‘z chiqishlarida aynan qaysi so‘z va iboralarni ishlatishini oldindan bilgan va bundan foydalanib, prognoz platformalarida 107 ming dollardan (9,2 million rubl) ortiq mablag‘ yutib olgan. Ushbu insayderlik ma’lumotidan foydalanish sxemasi fosh etilgach, sud uni yutib olgan barcha pullaridan mahrum qildi va qo‘shimcha 65 ming dollar jarima belgiladi.
Bundan tashqari, qonunbuzar operatorga keyingi uch yil davomida har qanday prognoz platformalarida garov tikish taqiqlab qo‘yildi.