AQSh hukumati migrantlarning bolalari mamlakatdan ixtiyoriy ketishi uchun ularga 3000 dollar taklif qilmoqda.
Tramp ma’muriyati 5 yoshgacha bo‘lgan migrant bolalarga Qo‘shma Shtatlarni o‘z xohishi bilan tark etishi uchun 3 ming dollar taklif qilmoqda. Bu haqda advokatlar va huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarga tayanib Bloomberg xabar berdi.
Ilgarilari bunday takliflar 14 yoshdan katta bo‘lgan hamrohsiz o‘smirlarga berilgan va summa 2500 dollarni tashkil etgan. Endilikda bu takliflar Immigrasiya va bojxona xizmati (ICE) advokatlari hamda sudyalari tomonidan kichik yoshdagi bolalarga ham berilmoqda.
"Biz buni bolalarni majburlash va ularga bo‘lgan bosimni oshirishning bir qismi sifatida ko‘ramiz. Bu nima bo‘lsa-da bolalarni mamlakatdan chiqarib yuborishga qaratilgan siyosatning bir qismidir. Ba’zi sudyalar hatto advokati bo‘lmagan bolalarga ham bu taklifni faqat bir marta bildiryapti va o‘ylab ko‘rishga vaqt bermayapti", — dedi Acaica nomli inson huquqlari markazi ijrochi direktori Shayna Aber.
Bloomberg manbalariga ko‘ra, sudyalar hamrohsiz kelgan bolalarga boshpana so‘rash yoki advokat topish uchun juda kam vaqt bermoqda. Iyul oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh immigrasiya sudlarida 16 500 dan ortiq hamrohsiz bolalarning ishi ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
AQSh Milliy xavfsizlik vazirligi vakili bolalarga pul berilayotgani haqidagi xabarni tasdiqlamadi. U ma’muriyat asosan hamrohsiz kelgan bolalarni o‘z oilalari bilan qayta birlashtirishga e’tibor qaratayotganini bildirdi.