AQShning Ogayo daryosi vodiysiga bir qator kuchli tornadolar hujum qilib, kamida 21 kishining umriga zomin bo‘ldi. Bu haqda FOX 26 Houston telekanali xabar bermoqda.
Kentukki shtati gubernatori Endi Beshirning aytishicha, shtat hududida kamida 14 kishi, Missurida esa yana yettita odam halok bo‘lgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda, vayronalar ostida tirik qolganlar bo‘lishi ehtimoli bor.
Tabiiy ofat juma kuni kech sodir bo‘ldi. Kentukkida turar-joy hududlari va London-Korbin aeroporti zarar ko‘rdi. Guvohlarning aytishicha, jiddiy vayronagarchiliklar yuz bergan: uylar buzilgan, avtomobillar ag‘darilgan, ko‘chalar to‘sib qo‘yilgan.
Gubernator Beshir qurbonlar soni oshishi mumkinligini istisno etmayapti.
AQSh Milliy ob-havo xizmati "o‘ta xavfli vaziyat" haqida ogohlantirish e’lon qildi: bashoratlarga ko‘ra, tornado seriyasi bir milliondan ortiq kishiga xavf solgan. Shuningdek, tabiiy ofat Indiana va Illinoys janubiga ham ta’sir ko‘rsatdi.
Kamida 12 ta shtatda 800 mingdan ortiq aholi elektr ta’minotisiz qoldi. Uni tiklash bir necha kun davom etishi mumkin.