AQShda deyarli ikki kunlik qidiruvdan so‘ng 57 yoshli Vens Lyuter Bolter qo‘lga olindi. Unga ikki kishini o‘ldirish va yana ikki kishini o‘ldirishga urinishda ayblovlar qo‘yildi. Tergovga ko‘ra, aynan Bolter 14 iyun kuni Minnesota Vakillar palatasi a’zosi Melissa Xortman va uning eri Markni o‘qotar qurol bilan o‘ldirgan, shuningdek, shtat senatorlari Jon Xoffman va uning xotiniga hujum qilib, ularni jarohatlagan. Uning motivlari hozircha aniqlanmagan.
Bolter tashlab ketgan mashinada 70 kishining ismlari yozilgan ro‘yxat topildi. Ushbu ro‘yxatda abort qiladigan shifokorlar, Minnesota va boshqa shtatlarning demokrat qonunchilar bor edi, deydi CNN telekanallari. Minnesota polisiyasi Vens Lyuter Bolterni qo‘lga olish operasiyasini shtat tarixidagi eng keng qamrovli operasiya deb atadi.
Minnesota gubernatori Tim Volz Bolter qo‘lga olinishi munosabati bilan yozma bayonotida shunday dedi: “Mamlakat sifatida biz bu zo‘ravonlikka befarq qololmaymiz. Biz chuqur bo‘lingan millatmiz. So‘nggi ikki kun ichida bu yanada aniq ko‘rinadi.”