Qo‘shma Shtatlar yaqin kelajakda Venesuelada o‘zining diplomatik mavqeini tiklashni rejalashtirmoqda.
Bu haqda AQSh Davlat kotibi Marko Rubio e’lon qildi.
Uning ta’kidlashicha, bu Vashingtonga real vaqt rejimida ma’lumot olish va nafaqat vaqtinchalik hukumat vakillari, balki fuqarolik jamiyati va muxolifat bilan ham muloqot qilish imkonini beradi.
Davlat kotibi Ugo Chaves (Venesuela prezidenti 1999 yildan 2013 yilgacha) hokimiyat tepasiga kelishidan oldin Venesuela Qo‘shma Shtatlarning ishonchli ittifoqchisi bo‘lganini esladi va munosabatlarning ushbu darajasiga qaytishga umid bildirdi.
U Venesuelaning yangi hukumati maqtovga loyiq ekanligini ta’kidladi - mamlakat Chaves davrida neft sanoatiga xususiy investisiyalarga qo‘yilgan ko‘plab cheklovlarni samarali ravishda bekor qiladigan yangi qonunni qabul qildi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Venesuela hukumati ham siyosiy mahbuslarni ozod qilishni boshlagan. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, 200 ga yaqin odam allaqachon ozod qilingan. Rubio bu jarayon Vashington xohlaganidan sekinroq ketayotganini, ammo u davom etayotganini va ozod qilinganlarning ba’zilari allaqachon mamlakat siyosiy hayotida ishtirok eta boshlaganini ta’kidladi.
Rubio shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Nikolas Maduroni o‘z xohishi bilan iste’foga chiqishga ko‘ndirishga bir necha bor uringanini, ammo uning so‘zlari bilan aytganda, "bu odam bilan muzokara olib borishning iloji bo‘lmaganini" aytdi.