AQSh va Xitoy o‘rtasidagi “texnologik urush” davrida Xitoyning Tencent va Deep Robotics kabi kompaniyalari sun’iy intellekt va robototexnika texnologiyalari bilan amerikalik raqobatchilarga yaqinlashmoqda.
Dunyodagi eng yirik ikki iqtisodiyot — Xitoy va AQSh o‘rtasidagi siyosiy va savdo ziddiyatlari so‘nggi yillarda sun’iy intellekt, 5G aloqa va raqamli xizmatlar sohasida ham ochiq texnologik raqobatga aylandi.
Xitoyda WeChat messenjeri WhatsApp’ga, DeepSeek sun’iy intellekt ilovasi ChatGPT’ga, Deep Robotics esa robototexnikadagi Boston Dynamics’ga muqobil sifatida namoyon bo‘lmoqda. Tencent esa o‘zining WeChat va WeChat Pay xizmatlari bilan mamlakatda kundalik to‘lovlarning asosiy vositasiga aylandi.
2017 yilda tashkil etilgan Deep Robotics kompaniyasi esa “robot-itlar” va insonsurat gumanoid robotlar yaratishi bilan tanilmoqda. Ushbu robotlar nafaqat kundalik hayotda, balki qutqaruv ishlari, sanoat nazorati va yong‘in o‘chirish kabi sohalarda ham qo‘llanishi mumkin.