AQSh va Kanadadagi oilalar Kaliforniya sudlarida kompaniyaga qarshi yettita da’vo arizasi bilan murojaat qilishdi, ularda mashhur ChatGPT chat-boti ishlab chiqaruvchisi OpenAIni suisidga undashda ayblashdi, deb xabar beradi TASS axborot agentligi.
The Wall Street Journal nashrining xabar berishicha, sud hujjatlariga ko‘ra, to‘rt kishi, jumladan, Jorjiyadan 17 yoshli va Texasdan 23 yoshli yigit o‘z joniga qasd qilgan, yana uch kishi ChatGPT bilan o‘zaro aloqada bo‘lish natijasida jiddiy psixologik travma olgan. Da’vogarlarning ta’kidlashicha, "chat-bot bilan uzoq suhbatlardan so‘ng, odamlar ba’zan o‘z joniga qasd qilishga olib keladigan vosvoslik holatiga tushib qolishadi". Ular kompensasiyani, shuningdek, suhbatni avtomatik ravishda tugatishni o‘z ichiga olgan ChatGPTga tuzatishlar kiritishni talab qilishdi.
OpenAI vaziyatni "dahshatli" deb atadi. Kompaniya tafsilotlarni tushunish uchun tegishli hujjatlarni ko‘rib chiqayotganini aytdi. OpenAI oktyabr oyida chat-botga o‘zgartirishlar kiritilganini ta’kidladi. Ushbu o‘zgarishlar unga ruhiy salomatlik muammolarini yaxshiroq aniqlash va ularga javob berish, shuningdek, odamlarni aniq yordamga yo‘naltirish imkonini beradi.
- Biz ChatGPTning alohida e’tibor talab qiladigan muammolarga munosabatini yaxshilashda davom etamiz, - deb ishontirdi kompaniya vakillari.