Bugun 15 iyun, 2025 yil, yakshanba

КИР

AQSh va Islom

A A A
AQSh va Islom

Ushbu mavzuda qalam tebratishga va mavjud holatni qisman tahlil qilishga so‘nggi yillar mobaynida insoniyat jamiyatida diniy bag‘rikenglikdan, insonparvarlikdan yiroqlashtiradigan, bir qancha aqidaparast guruhlarining vahshiyona harakatlari oqibatida “islomofobiya” singari tushunchalarning avj olishi va uning sabablarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish turtki bo‘ldi. Bugungi kunda “Imkoniyatlar mamlakati” deya nom qozongan, demokratiya va inson huquqlari yuksak baholanadigan bu mamlakat ahlida aslida ezguliklar dini, yuksak axloq dini, mukammal ilmlar dini bo‘lmish islom nedan qo‘rqinch va nafrat hissini uyg‘otmoqda degan savol qiziqish uyg‘otdi. Buni bilish uchun ishni tarixga nazar tashlashdan boshladik. Bu din ushbu mamlakatda qanchalik umrga ega? U qachon kirib kelgan va mamlakat aholisiga qanchalik darajada yaqin degan savollarga javob qidirish asnosida quyidagi qiziqarli ma’lumotlarga duch keldik. Amerikaga islom qachon kirib kelgan, uning buguni qanday va ertasidan nimalar kutilmoqda kabi savollarga qisman to‘xtaldik.

Yillar va raqamlar. Kecha...

Internetda keltirilgan tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda yirikligi jihatidan nasroniylar va yahudiylar dinidan keyin uchinchi o‘rinda turuvchi islom dini qariyb 400 yil oldin Afrika aholisi orqali kirib kelgan. Ba’zi manbalarda hatto Kolumbning kemasida musulmonlar ham bo‘lganligini ta’kidlanadi. Binobarin, muslimlarning Amerikaga ilk bor qadam qo‘yishi XVII asrda Afrika qullarining keltirilishi bilan izohlanadi.

Musulmon muhojirlarining navbatdagi buyuk ko‘chishi XIX asrning o‘rtalarida boshlangan. XIX asrning oxirlarida 1920 yillarga qadar Qo‘shma Shtatlarga asosan Livan va Suriyadan ko‘plab arablar kelgan. Bu muhojirlarning aksariyati (qariyb 90%) arab xristianlari bo‘lib, ularning ko‘pchiligi O‘rta G‘arbda qo‘nim topgan.

1880 yildan 1914 yilgacha Qo‘shma Shtatlarga bir necha ming musulmon Usmonlilar imperiyasining sobiq hududlaridan va Boburiylar imperiyasidan ko‘chib keladi.

Afro-amerikaliklar I va II jahon urushidan so‘ng janubdan shimoliy shaharlarga qora tanlilarning Buyuk Ko‘chishi (the Great Migration of Blacks)dan so‘ng o‘zlarining islomiy ildizlarini qayta kashf qilishga kirishadilar. Afro-amerika islomining yangidan paydo bo‘lishi XX asrdan bugunga qadar izchil davom etgan hodisa deya ta’kidlanadi. Bugun afro-amerikalik musulmonlar amerikalik musulmon aholisining uchdan bir qismini tashkil qiladi.

1965 yildagi Immigrasiya va fuqarolik to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganidan so‘ng musulmonlar boshqa muhojirlar bilan bir qatorda Amerikaga ko‘chib kela boshlashgan. Immigrasiya qonunlarining o‘zgarishi yuqori malakali mutaxassislarga AQShga kirishiga ruxsat berdi. Ushbu davr mobaynida kelgan ko‘plab musulmonlar Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo (Hindiston, Pokiston va Bangladesh)dan edi.

1990 yillardan boshlab, islom, AQShda tobora ko‘zga ko‘rina boshladi. Rew tadqiqot markazining 2014 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, musulmon amerikaliklarning 45 foizi 1990 yildan so‘ng kelgan.

Masjidlar

Ma’lumotlarga qaraganda, Qo‘shma Shtatlardagi rasman eng qadimgi masjid Shimoliy Dakota shtatida joylashgan. Garchi, 1800 yillarning oxiriga kelib AQShda masjidlar qurilgan bo‘lsada, Shimoliy Dakotaning Ross shaharchasidagi masjid hali ham mavjud bo‘lgan eng qadimiy masjid hisoblanadi. Kamtar binoning qulashi natijasida u 1979 yilda buzib tashlangan. Keyinchalik uning asoschilari va xristian do‘stlarining tashabbusi bilan 2005 yilda yangi masjid qurish uchun pul ajratilgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi yana bir qadimiy masjid Amerika Qo‘shma Shtatlarining Ona-Masjidi hisoblanadi. Qolaversa, u yana «Fraternity Lodge Rose» va «Moslam Temple» (Muslimlar ibodatxonasi) nomi bilan ham tanilgan. U 1934 yilda qurilgan bo‘lib, 1929 yilda qurilgan kichik Shimoliy Dakota shtatidagi masjiddan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi eng qadimiy masjid hisoblanadi. Ona-Masjidi Ayova shtati tarixiy reestri va tarixiy joylarning milliy reestrida «Amerikadagi diniy tarixning asosiy qismi bo‘lib, u AQShda Islom va musulmonlarni bag‘rikenglik va qabul qilishni ifodalaydi» deya nomlanib qayd qilingan. 1996 yilga kelib u Milliy Ro‘yxatga olingan.

Amerika-Islomiy Aloqalar Kengashi (Council on American-Islamic Relations (CAIR))ning ma’lum qilishicha, 1994 yildan 2011 yilgacha masjidlar soni 962dan 2,106 gacha o‘sganini xabar qilinadi.

 

Rasmiy ma’lumotlar

Amerika bugun etnik jihatdan xilma xil millat vakillardan tarkib topgan musulmonlarga makondir. U shu jihatdan dunyoning boshqa qismidagi musulmonlardan ajralib turadi. Amerika musulmonlari hayotning barcha sohalarida faoldirlar. Ularning aksariyati shifokorlar, taksi haydovchilari, advokatlar, gazeta sotuvchilar, buxgalterlar, uy xizmatchilari, akademiklar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, sportchilar va san’atkorlardir. Amerikaliklar mashhur musulmonlar sifatida Muhammad Ali, Malkolm X, Moss Def, Farid Zakariya, Shakil O'Nil, Mayk Tayson, Lupe Fiasko, Doktor Oz va Rima Faqihni tanishadi.

Fikr o‘rnida shu aytib o‘tish joizki, har qanday tushunchani ortida ilm yotadi. Ilm qanchalik chuqur bo‘lsa, tushuncha shu qadar teran bo‘ladi. Qiyoslash uchun misol tariqasida 2010 yilda qayd etilgan Rew tadqiqot markazining oldingi tadqiqotlarida bo‘lgani kabi, amerikaliklarning musulmon dini haqida bilishlari so‘ralgan va aksariyati din haqida juda kam ma’lumotga ega ekanligi aniqlangan. Hozirgi vaqtda (2010 yilga ko‘ra) ularning 55 foizi bu din haqida ko‘p narsa bilmasligi, (30%) musulmon dini haqida hech narsa bilmasligi, (25%) ushbu din amallariga rioya qilayotgani, 35 foizi din haqida biroz bilishini, faqat 9 foizi yaxshi bilishini ko‘rsatgan. Bu raqamlar 2007 yildan beri o‘zgarishsiz bo‘lgan.

2017 yilga kelib Rew tadqiqot markazining amerikaliklar orasida o‘tkazilgan yana bir so‘roviga ko‘ra, ulardan to‘qqizta dinni «hissiyotlik termometr» ga ko‘ra 0 dan 100 gacha baholash so‘ralgan. Bu yerda 0 eng eng salbiy va 100 eng ijobiy ko‘rsatkich etib belgilangan bo‘lib, amerikaliklar musulmonlarga o‘rtacha 48 daraja (50) ovoz bergani ma’lum qilingan. Mazkur ma’lumot musulmonlarga nisbatan qarashlar bir necha yil avvalgi yillarga qaraganda ijobiylashganini ko‘rsatadi. 2014 yilda AQShda istiqomat qiluvchi katta yosh vakillari shunga o‘xshash so‘rovda musulmonlarga 40 daraja o‘rtacha ball berishgan edi.

Bu aholi orasida diniy tushunchalarni teranroq anglashiga, uni g‘oyaviy aqidaparastlikdan ajrata olish uchun ko‘proq tushuncha berilib, tahlil qilib borilishi ularning diniy bag‘rikengligini yanada kengayishiga sabab bo‘ladi.

Jamoatchilik fikri

Yana Rew tadqiqot markazining 2017 yilgi AQSh Musulmonlari masalasidagi tadqiqotlari Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi musulmonlar juda ko‘p diniy kamsitilishlarini payqashdi. Qolaversa, AQShning ko‘pchilik musulmonlari prezident Donald Trampning tarafdorlari va ularning amerikaliklar do‘stlari islomni umuman AQShda jamiyatining bir qismi sifatida ko‘rmaydilar deb o‘ylashadi. Shunga qaramasdan, amerikaliklar musulmonlar amerikalik ekanliklaridan faxrlanishadi, hamda bu mamlakatda astoydil og‘ir mehnat orqali chinakam muvaffaqiyatga erishish mumkinligiga ishonadilar.

Amerikalik musulmonlarning yarmi so‘nggi yillarda AQShda musulmonlar uchun vaziyat qiyinlashganini ta’kidlamoqda. Ularning 48 foizi so‘nggi 12 oy ichida kamida bir marta ular bilan bog‘liq kamsitilish xodisasi sodir bo‘lganligini aytishmoqda. Biroq, barchasiga qaramay musulmonlarning 55 foizi amerikaliklar AQSh musulmonlariga nisbatan do‘stona munosabatda deb hisoblashadi. Misol tariqasida aytib o‘tish lozimki, turli diniy va irqiy mamlakatda yashovchi AQSh musulmonlari do‘stlarining ko‘pchiligini musulmon bo‘lmaganlarni tashkil qiladi. Bu esa ushbu mamlakatda diniy bag‘rikenglik va insonparvarlik g‘oyalari barqarorligiga ishora bo‘la oladi.

Ko‘rsatkichlar va prognozlar

Manbalarda keltirilishicha, demografik tasavvurlar taxminiga ko‘ra, 2050 yilga kelib musulmonlar AQShning 2,1 foizini tashkil etadi va islom dini yaqin kelajakda AQShning ikkinchi eng katta diniy qatlamiga aylanadi.

Shunday ekan, bu dinni zo‘ravonlik tushunchasidan ajratish uchun ushbu mamlakatda yanada ko‘proq yetuk olimlar va analitiklar shakllantirilishi zamon talabiga aylanadi.

Zumradxon Shukurova,
Azon.uz sayti uchun AQShdan tayyorlandi

Kiritildi: 22:15 14.07.2019. O'qildi: 5272 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!