The Wall Street Journal nashri ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh delegasiyasi vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner Eron tomoniga Tehron o‘zining uchta asosiy, Fordo, Natanz va Isfahondagi yadroviy ob’ektlarini yo‘q qilishi, shuningdek, qolgan barcha boyitilgan uranini Vashingtonga topshirishi kerakligini bildirgan.
Bundan tashqari, AQSh vakillari har qanday yangi yadroviy kelishuv Qo‘shma keng ko‘lamli harakatlar rejasidan farqli ravishda muddatsiz amal qilishi lozimligini ta’kidlagan. Ushbu kelishuv Barak Obama ma’muriyati davrida tuzilgan bo‘lib, unda Eronning yadroviy dasturini cheklash evaziga unga qarshi joriy etilgan xalqaro sanksiyalarni bekor qilishni nazarda tutgan. Donald Trump o‘zining birinchi prezidentlik muddati davomida kelishuvdagi ishtirokini to‘xtatgan edi.
Eron ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Tehron o‘zining uran zaxiralarini xorijga topshirish g‘oyasini rad etgan. Shuningdek, Eron uranni boyitishni to‘liq to‘xtatish, yadroviy ob’ektlarni demontaj qilish va dasturiga doimiy cheklovlar joriy etilishiga ham qarshi chiqmoqda.
Shu bilan birga, gazetaning yozishicha, Eron uranni boyitish huquqini saqlab qolishni talab qilmoqda, biroq AQSh pozisiyasini yumshatish maqsadida muqobil variantlarni ham taklif etgan. Ular orasida boyitish darajasini hozirgi 60 foizdan 1,5 foizgacha pasaytirish, boyitishni bir necha yilga vaqtincha to‘xtatib turish yoki uranni Eron hududida joylashgan arab-eron konsorsiumi doirasida qayta ishlash variantlari bor.