Ford bosh direktori Jim Farliga yo‘llagan maktubida AQSh transport vaziri Shon Daffi uni Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikdan voz kechishga chaqirdi va Xitoy texnologiyalariga tayanish milliy xavfsizlikka tahdid solishini ta’kidladi.
Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.
"Ford qisqa muddatli kelishuvlar yoki shubhali xorijiy ittifoqlardan ko‘ra AQSh avtomobil ekotizimining uzoq muddatli barqarorligi va texnologik suverenitetini ustuvor deb biladigan korporativ mas’uliyat darajasini namoyish qilishi kerak", deyiladi maktubda.
Daffi Fordning Xitoy texnologiyalari va hamkorlariga tayanishidan xavotir bildirdi.
Transport vaziri shuningdek, kompaniyani Michigan shtatida CATL texnologiyalaridan foydalanishi, Ispaniyada Geely bilan ittifoqi, BYD bilan muzokaralari va Lincoln ishlab chiqarishini Xitoydan AQShga ko‘chirishdagi kechikish uchun tanqid qildi. U avtomobil ishlab chiqaruvchini texnologik suverenitetga ustuvor ahamiyat berishga chaqirdi.